Banklarda avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari biroz pasaydi

2-fevral holatiga ko‘ra, tijorat banklarida amal qilayotgan mikroqarz va avtokreditlarning so‘nggi 10 ish kuni bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Mazkur davrda mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 23,4 foizni tashkil etdi. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarzlardan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 22,4 foizni, yuridik shaxslar ulushi esa 23,6 foizni ko‘rsatmoqda.
Bunda eng past avtokredit stavkalari quyidagi banklarda kuzatilmoqda:
- «Garant bank» – 17,9%;
- «Ipoteka bank» – 20,2%;
- «Asia Alliance bank» – 21,3%;
- «Infinbank» – 21,7%;
- «OFB» – 21,8%.
Eng yuqori avtokredit stavkasi:
- «Mikrokreditbank» – 28%;
- «Madad Invest bank» – 27,9%;
- «Trast bank» – 26,5%;
- «Asakabank» – 25,9%;
- «Turon bank» – 25,1%.
Markaziy bank izohiga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchilar yoki dilerlar bilan hamkorlik asosida beriladigan kreditlarda foiz stavkalari pastroq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, avtokreditlar bo‘yicha stavkalar avtomobil turi, yoshi, boshlang‘ich badal miqdori va boshqa shartlarga qarab farq qiladi.
Mikroqarzlar
Mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi esa 31 foizni tashkil etdi. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarzlardan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 22,4 foizni, yuridik shaxslar ulushi esa 23,6 foizni ko‘rsatmoqda.
Bunda eng yuqori foiz stavkasi quyidagi banklarda qayd etilgan:
- «Tenge bank» – 42,6%;
- «Anorbank» – 41,2%;
- «AVO bank» – 39,9%;
- «Ipak yo‘li banki» – 36,4%
- «Ipoteka bank» – 36,3%.
Eng past mikroqarz foiz stavkalari quyidagi banklarda:
- «Infinbank» – 24,4%;
- «Aloqabank» – 24,5%;
- «Trast bank» – 24,6%;
- «Milliy bank» – 25,5%;
- «BRB» – 25,5%.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank raisi Timur Ishmetov chakana kreditlash hajmining oshishiga qarshi emasligini, biroq jarayonning sifati muhimligini ta’kidlagandi. Regulyator fuqarolar daromadiga mos kelmaydigan qarz yukiga botib qolishidan ogohlantirmoqda.