Avto

BYD Destroyer 05 avtomobili taksi uchun qanchalik mos

Aralash rejimda BYD Destroyer 05 100 km masofada o‘rtacha 3-4 litr yoqilg‘i sarflaydi
BYD Destroyer 05 avtomobili taksi uchun qanchalik mos
Foto: You Tube

YouTube’dagi «Blog taksista» kanalida e’lon qilingan yangi sharhda 2025-yilgi BYD Destroyer 05 modeli taksi nuqtai nazaridan baholandi. Kursiv Uzbekistan video asosida maqola tayyorladi.

Gibrid tizim va real yoqilg‘i tejamkorligi

Taksi haydovchisi e’tibor qaratgan asosiy jihat past yoqilg‘i sarfi. Aralash rejimda BYD Destroyer 05 100 km masofada o‘rtacha 3-4 litr yoqilg‘i sarflaydi. Faol haydashda ham bu ko‘rsatkich kamdan-kam hollarda 5,5 litrdan oshadi. Elektr va gibrid rejimlar o‘rtasidagi uzluksiz almashuv zaryadlash stansiyalariga bog‘lanib qolmasdan ishlash imkonini beradi. Shu sababli haydovchi uzoq masofali buyurtmalardan ham cho‘chimaydi.

BYD Destroyer 05 avtomobili taksi uchun qanchalik mos
Foto: Auto in China

Osma tizim yumshoq sozlangan bo‘lib, shahar yo‘llaridagi notekisliklar va «tezlik pasaytirgich»larni samarali yutadi. Bu esa nafaqat haydovchi, balki yo‘lovchilar uchun ham qulaylik yaratadi.

Salon, joy va kundalik qulaylik

BYD Destroyer 05 saloni oq-qora rang uyg‘unligida ishlangan. Old panel va eshik kartalarida yumshoq plastikdan foydalanilgan. Haydovchi bo‘yi 180 sm bo‘lgan holatda ham orqa qatordagi yo‘lovchilar uchun oyoq va bosh qismi bo‘yicha yetarli joy qoladi. Bu jihat «Komfort Plus» tarifida ishlash uchun muhim hisoblanadi.

Foto: You Tube

Bagaj hajmi 450 litrni tashkil etadi. Uni uch xil usulda ochish mumkin. Shu jumladan, haydovchi tugmasi orqali ochish imkoniyati yo‘lovchi yukini joylashtirish jarayonini tezlashtiradi. Zaxira g‘ildirak o‘rniga ta’mirlash komplekti va nasos qo‘yilgan, bu esa bagajdan foydalanish hajmini saqlab qolgan.

Multimedia va boshqaruv imkoniyatlari

Modelda an’anaviy uzatma richagi o‘rniga aylanuvchi shayba o‘rnatilgan. Markaziy multimedia ekrani esa 90 darajaga burila oladi. Avtomobil ko‘pincha xususiy import orqali olib kirilishiga qaramay, u Wi-Fi bilan ishlaydi va Yandex xizmatlari hamda Google Play’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu navigatsiya, buyurtmalarni qabul qilish va ilovalar bilan ishlashni ancha osonlashtiradi.

Foto: You Tube
BYD Destroyer 05 , 2025 г / обзор  / БЛОГ ТАКСИСТА

Raqamli asboblar panelida yoqilg‘i va elektr energiyasi sarfi aniq ko‘rsatiladi. Haydovchi smena davomida qaysi rejim eng tejamkor ekanini kuzatib borishi mumkin. Bu taksi ishida xarajatlarni nazorat qilishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD’ning yangi avlod megavattli zaryadlash tizimi qanday ishlashi haqida yozgan edi.