BYD’ning yangi avlod megavattli zaryadlash tizimi qanday ishlaydi

3-fevral 2026 11:03 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
BYD’ning yangi avlod megavattli zaryadlash tizimi qanday ishlaydi
Foto: Pexels

BYD’ning ikkinchi avlod megavattli tezkor zaryadlash tizimiga oid ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Yangi tizim maksimal 1 500 kVt quvvat va 1 500 amper tokni qo‘llab-quvvatlaydi.

Texnik ma’lumotlarga ko‘ra, yangi megavattli zaryadlash stansiyalari 1 000 voltgacha bo‘lgan doimiy tok kuchlanishida ishlaydi. Kirish quvvati esa 2 100 kVtgacha yetadi. Bunday yechim elektr tarmog‘iga tushadigan yukni boshqarish hamda yuqori kuchlanishli elektromobillarda zaryadlash vaqtini sezilarli qisqartirishga qaratilgan.

Xitoylik texnoblogerlar tarqatgan ma’lumotlarda aytilishicha, ikkinchi avlod stansiyalari real sharoitda 1 360 kVtgacha quvvat bera oladi. Bu 10C va undan yuqori tezlikda zaryadlashni ta’minlaydi. Taxminlarga ko‘ra, atigi besh daqiqada elektromobilga qariyb 400 km yurish zaxirasi qo‘shilishi mumkin. Yangi tizim BYD Han, BYD Tang va boshqa flagman modellarga mos bo‘lishi aytilmoqda.

Foto: Weibo

Oshkor qilingan texnik yorliqlarda stansiya T shaklidagi ikki kabelli dizaynga ega ekani qayd etilgan. Uning egallaydigan maydoni 1,5 kvadrat metrni tashkil etadi. Suyuq sovitish tizimiga ega kabellarning vazni 2 kg atrofida bo‘ladi. Intellektual quvvat taqsimoti tufayli bitta stansiya ketma-ket 20 dan ortiq avtomobilga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Ichki energiya saqlash tizimi birinchi avlodga nisbatan ikki baravarga oshirilgan.

BYD birinchi avlod megavattli zaryadlash tizimini 2025-yil 17-mart kuni taqdim etgan edi. O‘sha tizim 1 000 amper tok, 1 000 kVt quvvat va 10C gacha zaryadlash imkoniyatini taklif qilgan. Sinov sharoitida u ham besh daqiqada 400 km masofa qo‘shishga qodir edi.

Foto: Weibo

Norasmiy manbalarda aytilishicha, ikkinchi avlod stansiyalari 500–1 000 voltli keng diapazonli platformani qo‘llab-quvvatlaydi. Mavjud birinchi avlod stansiyalarini esa ikki kabelli va aqlli kuchaytirish orqali 500 kVt quvvatgacha yangilash mumkin. Bundan tashqari, 200–600 kVt quvvatga ega kichik versiyasi ham ishlab chiqilayotgani aytilmoqda.

2025-yil oxiriga kelib BYD Xitoy bo‘ylab 200 dan ortiq shaharda 500 dan ziyod megavattli zaryadlash stansiyalarini ishga tushirgan. Kompaniya 2026-yilda ushbu tarmoqni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Uchinchi tomon hamkorlari bilan birgalikda 15 mingdan ortiq stansiya qurish maqsad qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD kompaniyasi yangi brendini namoyish qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek