
O‘zbekistonda bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash hamda to‘lash tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ariza beruvchi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlashni so‘rab davlat xizmatlari markazi yoki ijtimoiy xodim orqali murojaat qiladi. Shuningdek, «YAMIH» AT, YAIDXP yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda ham ariza topshirish mumkin. Har bir oila bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun oyiga bir marta murojaat qilishi belgilangan.
Oyning 16-sanasiga qadar taqdim etilgan arizalar murojaat qilingan oyda, 16-sanadan keyin berilgan arizalar esa keyingi oyda ko‘rib chiqiladi. Agar tayinlashni rad etish uchun asoslar aniqlanmasa, bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam ariza ko‘rib chiqilgan oydan keyingi oydan boshlab «Yagona reestr» AT orqali avtomatik tarzda tayinlanadi va to‘lanadi.
Nafaqa va moddiy yordam «davlat ta’minotidagi oila» hamda «kambag‘al oila» toifasidagi oilalarga ular ushbu toifadan chiqquniga qadar, «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasidagi oilalarga esa mazkur toifaga kiritilgan oydan keyingi 6 oy davomida tayinlanadi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori qonunchilik asosida belgilanadi. Agar oila «davlat ta’minotidagi oila» yoki «kambag‘al oila» toifasidan chiqarilib, «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga o‘tkazilsa, qo‘shimcha ariza talab qilinmaydi. Oila a’zolarining o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatining 1–1,25 baravarida bo‘lsa, nafaqa 75%, 1,25–1,5 baravarida bo‘lsa 50% miqdorida to‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda bir oyda ehtiyojmand oilalarga 1,2 trln so‘m bir martalik pul berilgani haqida xabar bergan edik.