
Fly One Asia aviakompaniyasi Yekaterinburgdan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yishini Kolsovo aeroporti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Parvozlar dasturi 6-apreldan boshlanadi. Samolyotlar Yekaterinburgdan haftasiga ikki marta — dushanba va juma kunlari mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da uchadi.
Aviareyslar Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi. Chipta narxi 12 ming rubldan (taxminan 1,9 mln so‘m) boshlanadi.
Ma’lumot uchun, hozirda Yekaterinburgdan O‘zbekistonga Ural aviakompaniyasi va Uzbekistan Airways reyslar amalga oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iroq O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edik.