
Hyundai kompaniyasi Hyundai Tucson 2027 modelini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda. Ma’lumotga ko‘ra, model 2027-yilda bozorga chiqadi va hozirgi avloddan tubdan farq qiladi.
Tashqi ko‘rinish
Prototiplarga qaraganda, yangi Tucson silliq va yumaloq chiziqlardan voz kechadi. Uning o‘rnini keskin qirralar, burchakli elementlar va deyarli kvadrat siluet egallaydi. Krossover tashqi ko‘rinishda ancha jiddiy va «katta» avtomobil taassurotini uyg‘otadi. Bu bilan Hyundai Tucson raqobatchilaridan vizual jihatdan ajralib chiqishni maqsad qilmoqda. Bu taxminlar haqida avtomobil jurnalistlari Carscoops sahifalarida ham yozmoqda.
Salon va raqamli texnologiyalar
Ichki qismda asosiy e’tibor texnologiyalarga qaratiladi. Yangi avlod Tucson Android Automotive platformasidagi multimedia tizimini olishi kutilmoqda. Ekranlar kattalashadi, onlayn funksiyalar kengayadi. Shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi ovozli yordamchi paydo bo‘lishi ehtimoli bor. U avtomobil sozlamalarini ovoz orqali boshqarishga imkon beradi.
Dvigatellar: dizel bilan xayrlashuv

Texnik qismda ham muhim o‘zgarish kutilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Hyundai Tucson 2027 dizel dvigatellardan butunlay voz kechadi. Model faqat gibrid va ulanadigan gibrid tizimlarda taklif etiladi. Ayniqsa, PHEV versiyasi uchun elektr yurish masofasi ancha uzun bo‘lishi prognoz qilinmoqda, bu esa shahar sharoitida qulaylikni oshiradi.
Qachon taqdim etiladi
Yangi avlod Tucson’ning rasmiy premyerasi 2026-yil oxiriga mo‘ljallangan. Savdolar esa 2027-yilda boshlanishi kutilmoqda. Shu vaqtgacha texnik va dizayn tafsilotlarida ayrim o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, biroq umumiy rivojlanish yo‘nalishi allaqachon ko‘rinib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai Santa Fe 2027 qanday yangilangani haqida yozgan edi.