Yangiliklar

Ijtimoiy reyestrdagi oilalar uchun individual reja joriy etildi

Individual rejalar ijrosi hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim tomonidan nazorat qilinadi
Ijtimoiy reyestrdagi oilalar uchun individual reja joriy etildi / Foto: Sun’iy intellekt

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun individual reja tizimi joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga individual reja ishlab chiqish tartibi rasman belgilandi. Qarorga ko‘ra, oila Reyestrga kiritilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida individual reja tayyorlanadi.

Oila reyestrga kiritilgandan so‘ng 3 ish kuni ichida mahalla yordamchisi va ijtimoiy xodim tomonidan «Onlayn mahalla» va axborot moduli orqali reja ishlab chiqiladi. Reja oilaning imkoniyatlari, ko‘nikmalari, qiziqishlari, fikri va yashash sharoiti hamda arizada ko‘rsatilgan xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlar asosida tayyorlanadi.

Individual rejada oilaga taqdim etiladigan qonunchilikda belgilangan xizmatlar, ularni taqdim qilish tartibi, muddati va mas’ul davlat organlari ko‘rsatiladi. Reja oilaning muomalaga layoqatli a’zosiga tanishtiriladi va «Mahalla yettiligi» tomonidan 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, tasdiqlanadi yoki qayta ko‘rib chiqish uchun hokim yordamchisi va/yoki ijtimoiy xodimga qaytariladi.

Individual rejalarning ijrosi hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim tomonidan har 3 oyda kamida bir marta nazorat qilib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oilalar Ijtimoiy reyestrga toifalarga ajratilgan holda kiritilishi haqida xabar bergan edik.