Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani o‘rtasida Yangi Jizzax shahri barpo etiladi

Prezident tomonidan Jizzax viloyatini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirishga qaratilgan qaror qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, viloyatda barqaror rivojlanishni ta’minlash asosiy maqsad qilib belgilandi. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmini yiliga o‘rtacha 8,5 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 7,8 foizga, bozor xizmatlarini 13,2 foizga hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni 4,6 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2026-yilda ishsizlik darajasini 3 foizga, kambag‘allik darajasini esa 2,8 foizga tushirish ko‘zda tutilgan. Jizzax shahri, Sharof Rashidov, Baxmal, G‘allaorol, Do‘stlik, Zomin va Zafarobod tumanlarini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi belgilangan.
Qarorga muvofiq, Baxmal, G‘allaorol, Zomin, Forish va boshqa tumanlardagi 57 ta bog‘dorchilikka ixtisoslashgan mahallada 5 ming gektar eski bog‘ va tokzorlar yangilanadi.
Sharof Rashidov, Do‘stlik, G‘allaorol, Arnasoy va Zafarobod tumanlarida 40 ta mahallani qamrab oluvchi 5 ta tadbirkorlik markazi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani o‘rtasidagi 40 gektar bo‘sh yer maydonida Yangi Jizzax shahri barpo etilib, unda 1,2 ming xonadonli 50 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax hokimligida ikki yangi o‘rinbosar lavozimi tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.