Yangiliklar

«KazTransOil» Rossiyadan O‘zbekistonga import qilinadigan neft tranziti narxini oshiradi

Tarif 0,4 foizga ko‘tariladi
Foto: Pexels

«KazTransOil» 2026-yil 1-martdan boshlab neftni quvurlar orqali uzatish bo‘yicha tariflarni oshiradi. Bunda Rossiyadan O‘zbekistonga tranzit qilinadigan neft uchun tarif 0,4 foizga ko‘tarilib, bir tonna uchun $28,02 ni tashkil etadi. Ushbu narx QQSsiz belgilangan.

«Shag‘ir» punktida neftni temiryo‘l sisternalariga quyish xizmati ham qimmatlashadi. Rossiya nefti uchun ushbu tarif mart oyidan 14 foizga oshib, bir tonna uchun $0,96 ga yetadi. Qozog‘iston neftini eksport qilishda esa ushbu xizmat narxi 84 foizga oshib, 517 tenge ($1) etib belgilanadi.

Eksport qilinayotgan Qozog‘iston neftini Qosimov nomidagi neft nasos stansiyasi orqali Kenkiyak–Atirau quvuriga uzatish narxi 0,8 foizga oshadi va bir tonna uchun 80,99 tenge ($0,16) bo‘ladi. Mazkur stansiyada neftni temiryo‘l sisternalaridan tushirish xizmati esa keskin qimmatlashib, 130 foizga oshgan holda bir tonna uchun 1,7 ming tengega ($3,4) yetadi.

Ma’lumot uchun, Kenkiyak–Atirau magistral neft quvurining yillik o‘tkazish quvvati 6 mln tonnani tashkil etadi. Ushbu quvur «MunaiTas» shimoli-g‘arbiy quvur kompaniyasiga tegishli bo‘lib, u «KazTransOil» va CNPC Exploration and Development Company Ltd qo‘shma korxonasi hisoblanadi. Qosimov nomidagi quvur orqali G‘arbiy Qozog‘iston nefti mamlakatdagi neftni qayta ishlash zavodlariga hamda Xitoyga eksport qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Lukoyl» xorijdagi aktivlarini sotish bo‘yicha Amerika kompaniyasi bilan kelishuvga erishgani haqida yozgan edi.