«Layk» uchun javobgarlik, ko‘tarilayotgan dollar — 3-fevralda e’lon qilingan yangiliklar

«Layk» va obunachi ko‘paytirishdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik, 4-fevral uchun valyutalar kursi — 3-fevralda e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
«Layk» va obunachi ko‘paytirishdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik joriy etilishi mumkin
Ijtimoiy tarmoqlarda «layk» yig‘ish yoki obunachilar sonini oshirish maqsadida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishida birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Jizzax hokimligida ikki yangi o‘rinbosar lavozimi tashkil etiladi

Prezidentning «Jizzax viloyatida sanoat va qishloq xo‘jaligi boshqaruvini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, viloyat hokimligi tuzilmasi doirasida ikki yangi hokim o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.
Eng kuchli TOP-10 subflagman smartfonlar qaysi — reyting

AnTuTu benchmarki 2026-yil yanvar oyidagi eng kuchli subflagman smartfonlar reytingini e’lon qildi. Reytingda birinchi o‘rinni yaqinda taqdim etilgan va 10 000 mAh batareyaga ega Honor Power 2 subflagmani egalladi. Ushbu model MediaTek Dimensity 8500 Elite protsessori bilan jihozlangan.
Ispaniyaning «Leganes» klubida to‘p surgan Lazizbek Mirzayev O‘zbekistonga qaytdi

Ispaniyaning «Leganes» klubi tizimida harakat qilgan o‘zbekistonlik yarim himoyachi Lazizbek Mirzayev Toshkent viloyatining «G‘azalkent» jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda Narzulla Saydullayev ma’lum qildi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni rasmiylashtirish tezlashtiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etishni tezlashtirishga qaratilgan qonunni qabul qildi. Qonun loyihasi orqali amaldagi qonunchilikka, xususan, «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga…» hamda «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
O‘zbekistonlik milliarder Bloomberg reytingida 405-o‘rinni egalladi

Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan tadbirkor Iskandar Mahmudov Bloomberg Billionaires Index reytingida 405-o‘rinni egalladi. Uning boyligi $9,04 mlrdga baholanmoqda.
Iskandar Mahmudov Rossiyadagi mis va ko‘mir ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan biri Ural tog‘-metallurgiya kompaniyasi asoschisi hisoblanadi. 2023-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya daromadi $3,2 mlrdni tashkil etgan.
O‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalgani haqidagi xabarlarga izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim davlat axborot tizimlaridan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari tarqalgani haqida xabarlar chiqdi. Kiberxavfsizlik markazi ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Milliy statistika qo‘mitasi esa tarmoqlarda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishdagi rasmiy sayt ishlamayotgani, xakerlik hujumlari bo‘lgani haqida xabarlar tarqalayotganini va bu asossiz ekanini bildirdi. Unga ko‘ra, online ro‘yxatdan o‘tish joriy yil 31-yanvarda yakunlangani sababli platforma yopilgan.
Samsung Galaxy S26 narxlari oshirilmaydi

Samsung kompaniyasi Samsung Galaxy S26 flagmanlari narxini oshirmaslikni rejalashtirmoqda. Galaxy S26, S26 Plus va S26 Ultra modellari Galaxy S25 seriyasi bilan deyarli bir xil narxlarda taqdim etiladi.
Manbalar avval tarqalgan, smartfonlar 200 – 300 yevroga qimmatlashadi degan xabarlarni inkor qildi. Eng qimmat Galaxy S26 Ultra’ning bazaviy narxi o‘zgarishsiz qoladi. Biroq katta xotiraga ega konfiguratsiyalar biroz qimmatlashishi mumkin.
4-fevral uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

4-fevral uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar 16,21 so‘mga oshib, 12 258, 38 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 37,28 so‘mga pasayib, 14 522,89 so‘mni, rubl 2,11 so‘mga oshib, 159,90 so‘mni tashkil qildi.
O‘zbekistonda avtokredit va mikroqarzlar miqdori oshdi

2025-yilda O‘zbekistonda tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan avtokreditlar va mikroqarzlar miqdori mos ravishda 26,2 va 56,7 foizga o‘sdi. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil yakunlari bo‘yicha hisobotida keltirilgan.
2025-yilda O‘zbekistonda tug‘ilish kamayib, o‘lim soni oshdi

2026-yilning 1-yanvar holatiga Oʻzbekistonning doimiy aholisi soni 38 million 236 mingdan ortiq kishini tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 foizga koʻpaydi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.