O‘zbekistonliklar uchun Litvada ishlash imkoniyati: oylik maosh 1000 dollar

Litvada qurilish yo‘nalishida ishlash istagida bo‘lgan erkaklar uchun yangi ish imkoniyatlari e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilish sohasida 10 dan ortiq mutaxassislik bo‘yicha xodimlar talab etiladi. Jumladan, beton quyuvchi, monolitchi, elektrik, g‘isht teruvchi, payvandchi, kafelchi, gipsakarton ustasi, armaturachi, opalubka ustasi, santexnik, tom yopuvchi hamda boshqa qurilish mutaxassislari ishga taklif qilinmoqda.
Ish joyi Litva hududida joylashgan. Mehnat shartnomasi muddati 1 yildan 3 yilgacha etib belgilangan. Jami 100 ta ish o‘rni mavjud bo‘lib, oylik maosh ish tajribasi va malakaga qarab $1 mingdan boshlanadi.
Ish beruvchi tomonidan turar joy taqdim etiladi. Nomzodlar bilan rasmiy mehnat shartnomasi tuziladi va uzoq muddatli barqaror ish imkoniyati yaratiladi. Biroq viza, aviachipta va ovqatlanish xarajatlari nomzod hisobidan qoplanadi.
Tanlovda qurilish sohasida tajribaga ega, rus tilini muloqot darajasida biladigan, 20 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar ish beruvchi bilan yuzma-yuz suhbatdan o‘tkaziladi. Arizani xorijda.ish havolasi orqali onlayn topshirish imkoniyati mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri o‘zbekistonlik ayollar Air Arabia aviakompaniyasiga ishga taklif qilingani haqida yozgan edi.