Rimdagi Trevi favvorasiga kirish pullik bo‘ldi

3-fevral 2026 10:14 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Rimdagi Trevi favvorasiga kirish pullik bo‘ldi / Foto: Andrey Omelyanchuk/Unsplash

Italiyaning Rim shahridagi eng mashhur diqqatga sazovor joylardan biri bo‘lgan Trevi favvorasiga kirish pullik tartibga o‘tkazildi. Shahar hokimiyati bu orqali turistlar oqimini kamaytirish va tartibga solishni maqsad qilgan. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Endilikda favvoraga kirish uchun 2 yevro to‘lash talab etiladi. Kirish to‘lovi ish kunlari soat 11:30 dan 22:00 gacha, dam olish kunlari esa 9:00 dan 22:00 gacha amal qiladi. Rim aholisi, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning hamrohlaridan, shuningdek 6 yoshgacha bo‘lgan bolalardan to‘lov undirilmaydi.

Shahar ma’muriyati pullik kirish tartibi turistlar harakatini yanada tartibli qilishiga umid qilmoqda. Rasmiy baholarga ko‘ra, Trevi favvorasi yiliga shahar budjetiga qariyb 6,5 mln yevro daromad keltirishi mumkin.

An’anaga ko‘ra, sayyohlar favvoraga tashlaydigan tangalar avvalgidek xayriya maqsadlariga yo‘naltiriladi. Kirishdan tushadigan mablag‘ esa shahar budjetiga o‘tkazilib, diqqatga sazovor obidani saqlash va turistlar oqimini boshqarishga sarflanadi.

Ma’lumot uchun, 2024-yil dekabridan 2025-yil dekabrigacha Trevi favvorasini 10 mlndan ortiq kishi ziyorat qilgan. Har yili favvoradan o‘nlab tonna tanga yig‘ib olinadi. Xususan, 2024-yilda tangalar og‘irligi 33 tonnani, ularning umumiy qiymati esa rekord darajadagi 1,6 mln yevroni tashkil etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda yosh bola 320 ming dollarlik muzey eksponatini sindirib qo‘ygani haqida yozgandi.

Shuningdek