
Samsung kompaniyasi Samsung Galaxy S26 flagmanlari narxini oshirmaslikni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tech Maniacs xabar berdi. Galaxy S26, S26 Plus va S26 Ultra modellari Galaxy S25 seriyasi bilan deyarli bir xil narxlarda taqdim etiladi.
Manbalar avval tarqalgan, smartfonlar 200–300 yevroga qimmatlashadi degan xabarlarni inkor etdi. Eng qimmat Galaxy S26 Ultra’ning bazaviy narxi o‘zgarishsiz qoladi. Biroq katta xotiraga ega konfiguratsiyalar biroz qimmatlashishi mumkin.
Oddiy Galaxy S26 modeli bo‘yicha vaziyat qiziqroq. Agar kompaniya 256 GB’ni asosiy xotira hajmi sifatida tanlasa, narx ozgina oshishi ehtimoli bor. Shu bilan birga, Galaxy S26 va S26 Plus’ning 512 GB xotirali versiyalari biroz arzonlashishi ham mumkin.
Narxlarning oshmasligiga asosiy sabab sifatida Apple bilan kuchli raqobat ko‘rsatilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Apple ham yangi iPhone’lar narxini oshirmaslikni rejalashtirgan. Samsung premium segmentda raqobatbardoshligini saqlab qolish va mijozlar ishonchini yo‘qotmaslik uchun foyda marjasini qisqartirishga tayyor.
Galaxy S26 seriyasining rasmiy taqdimoti 25-fevralga rejalashtirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, chakana savdolar 11-mart kuni boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung charm qoplamali budjet smartfonini namoyish qilgani haqida yozgan edi.