
Xiaomi SU7 265 ming kmdan so‘ng ham batareya sig‘imining 94,5 foizini saqlab qoldi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Ushbu voqeaga guvoh bo‘lgan avtomobil egasi bu natija uni ham hayratda qoldirganini aytgan. U dastlab batareya sig‘imi kamida 90 foizgacha tushadi deb o‘ylaganini, biroq tekshiruv natijasi kutilganidan ancha yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
Ushbu natijalar orqa yetaklovchi g‘ildiraklarga ega Xiaomi SU7 Pro versiyasiga tegishli. Avtomobil kuniga o‘rtacha 600 km masofani bosib o‘tgan. Bunday yuklama hatto an’anaviy ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun ham jiddiy hisoblanadi.
94,3 kVt/soat sig‘imli batareya taxminan 506 ta to‘liq zaryadlash sikliga teng yuklama ostida ishlagan. Amalda esa qisman zaryadlashlar bundan ham ko‘p bo‘lgani aytilmoqda. Chunki elektromobil egalari asosan 20–80 foiz oralig‘ida zaryadlash amaliyotiga amal qiladi.
Aksariyat elektromobil ishlab chiqaruvchilari batareyaga 8 yil yoki 150 ming km kafolat beradi. Shu davrda 20–30 foizgacha eskirish normal holat hisoblanadi. Hatto Tesla ham Model 3 va Model Y’ning ayrim versiyalarida 70 foiz sig‘im saqlanib qolishini kafolatlaydi.
Batareyadan tashqari, avtomobilning boshqa agregatlarida ham jiddiy eskirish aniqlanmagan. Shinalarning protektor chuqurligi 8 mm bo‘lib qolgan. Tormoz kolodkalari hali almashtirilmagan. Sovitish suyuqligi tarkibida suv yo‘qligi va -38 darajagacha muzlashga chidamliligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri SU7 ishlab chiqarishdan olib tashlangani haqida yozgan edi.