Yerusti metro liniyasi ostida avtomobilga suvoq bo‘lagi tushdi — metropoliten izoh berdi

eʼlon qilindi
Qo‘yliq va Yangiobod bekatlari oralig‘ida
Yer usti metro liniyasi ostida avtomobilga suvoq bo‘lagi tushdi
Foto: Toshkent metropoliteni

Ijtimoiy tarmoqlarda yerusti metro liniyasi ostida to‘xtab turgan avtomobil ustiga yuqoridan suvoq bo‘lagi tushib, transport vositasiga yengil zarar yetgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan «Toshkent metropoliteni» rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, hodisa «Yerusti halqa» yo‘nalishining Qo‘yliq va Yangiobod bekatlari oralig‘ida sodir bo‘lgan. Metro harakati davomida yuzaga keladigan tabiiy tebranishlar ta’sirida metro yo‘lining yuqori qismidagi fasad suvoq qatlamidan kichik bo‘lak ajralib tushib, metro liniyasi ostida to‘xtab turgan avtomobilga yengil zarar yetkazgan.

Holat aniqlangach, metropoliten xodimlari tomonidan hudud zudlik bilan ko‘zdan kechirilib, fasad qismi to‘liq ta’mirlangan hamda xavfsizlik choralariga doir qo‘shimcha nazorat ishlari olib borilgan. Ta’kidlanishicha, metro inshootlari belgilangan texnik talablar va xavfsizlik me’yorlariga muvofiq ravishda doimiy nazorat ostida saqlanadi.

Shu bilan birga, «Toshkent metropoliteni» haydovchilardan shaxsiy avtomashinalarini faqat ruxsat etilgan va belgilangan to‘xtash joylarida qoldirishni so‘ragan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent metrosida yana 19 ta bekat kassalari yopilishi haqida yozgandi. Unga ko‘ra, mazkur jarayon doirasida yana 19 ta metro bekatidagi kassalar 2026-yil 1-fevraldan boshlab ketma-ket yopiladi. Ularning o‘rniga bir martalik QR-chipta beruvchi infokioskalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek