Yangiliklar

2026-yilda qaysi kosmik parvoz va missiyalar amalga oshiriladi

Foto: SpaceX

O‘tgan yil kosmik sohada juda ko‘p dramatik va yorqin lahzalarni olib keldi: parvozlar soni rekord darajaga yetdi, uzoq olamlardan hayratlanarli manzaralar namoyon bo‘ldi, yutuqlar va muvaffaqiyatsizliklar navbatma-navbat kuzatildi. 2026-yilda yangi raketa-tashuvchilarning debyuti kutilmoqda, olimlar esa koinotni o‘rganishda yangi «oynalar» ochilishiga umid qilmoqda. Ushbu materialda shu yil eng ko‘p kutilgan kosmik missiyalar ro‘yxati keltiriladi.

Rossiyaning «Soyuz-5» raketasining ilk parvozi

Foto: trashbox.ru

Ikki pog‘onali, o‘rta sinfga mansub Rossiyaning «Soyuz-5» raketasi hozirda Boyqo‘ng‘ir kosmodromida joylashgan. Dastlab u 2025-yil oxirida ilk parvozini amalga oshirishi rejalashtirilgan edi, biroq ko‘rinishidan, debyut parvozi 2026-yilga ko‘chirilgan. «Soyuz-5» past Yer orbitasiga 17 tonnagacha foydali yuk chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Davlat korporatsiyasi rejalarga ko‘ra, raketa tijoriy jihatdan muvaffaqiyatli bo‘lib, xorijiy buyurtmachilarni jalb qilishi kutilmoqda.

«Artemida II»

Foto: esa.int

«Artemida II» missiyasiga yakuniy tayyorgarlik Floridadagi Kennedi nomidagi Kosmik markazda jadal davom etmoqda: Space Launch System raketasi va Orion kosmik kemasi to‘liq yig‘ilib, montaj-sinov binosiga joylashtirilgan. Ehtimol, fevral oyida «Artemida II» Floridaning kosmik sohilidan o‘n kunlik parvozga yo‘l oladi.

Foto: nasa.gov

To‘rt nafar astronavt — Rid Uayzman, Viktor Glover, Kristina Kox (uchalasi NASA vakillari) va Jeremi Xansen (Kanada kosmik agentligidan) — Oy tomon sayohat qiladi. Bu SLS raketasi va Orion kemasining ilk boshqariladigan parvozi bo‘ladi. Agar fevraldagi start kechiktirilsa ham, «Artemida II» missiyasining bahor yoki yoz oylarida amalga oshish ehtimoli juda yuqori.

Starship orbital yonilg‘i quyilishini namoyish etish

Foto: SpaceX

Navbatdagi missiya — Starship’ning 2026-yilgi yo‘l xaritasidagi eng muhim bosqichlardan biri. Keng ko‘lamli orbital yonilg‘i quyish texnologiyasini namoyish etish Starship’ning past Yer orbitasidan tashqariga chiqishi uchun muhim ahamiyatga ega. SpaceX bu texnologiyani NASA bilan shartnoma doirasida Starship’ni Oyga jo‘natishdan oldin ham, kelajakdagi Mars parvozlari uchun ham ishlab chiqishi kerak.

Starship’ni «ushlab olish»

SpaceX Starship’ning navbatdagi versiyasi — Starship Version 3 (V3) ni yaqin oylar ichida ilk sinov parvoziga chiqarishni rejalashtirmoqda. Ushbu uchirish avvalgi testlarga o‘xshash bo‘ladi: Janubiy Texasdan start va suborbital parvoz, so‘ng okeanga aniq qo‘nish.

Foto: space.com

Agar hammasi muvaffaqiyatli o‘tsa, keyingi bosqich Starship’ni past Yer orbitasiga chiqarish, undan so‘ng qaytish va Shimoliy Meksika ustida atmosferaga kirish bo‘ladi. Shundan keyin kema Texasdagi uchirish maydonchasida xizmat ko‘rsatish minorasi yordamida «ushlab olinadi». Muvaffaqiyatli «qo‘lga olish» Starship’ning to‘liq qayta foydalaniladigan tizimga aylanishi yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ladi.

Blue Moon Mark 1

Foto: blueorigin.com

Blue Origin kompaniyasining ilk Oyga qo‘nuvchi apparati haqiqiy ulkan qurilma hisoblanadi. Agar missiya muvaffaqiyatli yakunlansa, yuk tashuvchi Blue Moon Mark 1 Oyga qo‘ngan eng yirik apparatga aylanadi. Uning balandligi 8 metrdan oshadi, diametri esa 3 metrdan ortiq. Floridadagi muhandislar birinchi namunani yig‘ishni yakunlamoqda, shundan so‘ng u sinovlar uchun Xyustonga yuboriladi. Keyin apparat New Glenn raketasida uchirilishga tayyorgarlik ko‘rish uchun Kanaveral burniga qaytariladi.

Rocket Lab’ning Neutron raketasi debyuti

Foto: nextspaceflight.com

Rocket Lab AQShdagi raketa kompaniyalari orasida yiliga amalga oshiriladigan uchirishlar soni bo‘yicha ishonchli tarzda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Kompaniyaning navbatdagi tashuvchisi — Neutron — Rocket Lab uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
U qayta foydalaniladigan birinchi pog‘onaga va foydali yuk chiqarilgach, yagona blok sifatida Yerga qaytadigan integratsiyalashgan yuk qopqog‘iga ega bo‘lib loyihalashtirilmoqda.

Xitoyning «oy kemasi» debyuti

Xitoyning maqsadi — 2030-yilga qadar o‘z kosmonavtlarini Oyga yuborish — endi besh yildan kam vaqt ichida amalga oshirilishi kerak. Bu yo‘ldagi muhim bosqichlardan biri 2026-yilga rejalashtirilgan yangi boshqariladigan kosmik kemaning sinov parvozi bo‘ladi. Qisman qayta foydalaniladigan Mengzhou kemasi Xitoyning «Tyangun» orbital stansiyasiga yetti kishigacha bo‘lgan ekipajni, Oyga esa kamroq sondagi ekipajni olib borish uchun mo‘ljallangan. Kelajakda u faqat past Yer orbitasiga parvozlar uchun ishlab chiqilgan Shenzhou kemasining o‘rnini bosishi rejalashtirilgan.

Foto: Naked Science

Mengzhou vazifalari jihatidan NASA’ning Orion kemasiga qiyoslanadi va boshqariladigan Lanyue qo‘nish moduli bilan birga Xitoyning Oy dasturidagi asosiy elementlardan biri hisoblanadi. Uchirish yangi Long March 10A raketasida amalga oshiriladi; ushbu raketaning ilk parvozi — ehtimol, ekipajsiz — Mengzhou bilan bir vaqtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Haven-1’ning uchirilishi

Foto: collectspace.com

Kaliforniyada joylashgan Vast kompaniyasi 2030-yilda Xalqaro kosmik stansiya faoliyati yakunlanishidan oldin tijoriy orbital stansiya yaratish poygasida jiddiy ustunlikka ega. Vast’ning birinchi yashash moduli — Haven-1 — Falcon 9 raketasida uchirilishi uchun qurilmoqda. Keyinchalik ushbu modulga Dragon kosmik kemalarida kosmonavtlar tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

Nensi Greys Roman kosmik teleskopi

Foto: NASA

NASA’ning navbatdagi flagman astronomik observatoriyasi Goddard markazida to‘liq yig‘ilgan. Nensi Greys Roman kosmik teleskopi «Hubble» teleskopiga qaraganda 100 baravar kengroq ko‘rish maydoniga ega bo‘lib, koinotning keng ko‘lamli kuzatuvlarini olib borish imkonini beradi.

«Chang’e-7» missiyasi (Xitoy)

Xitoyning Oy dasturi doirasidagi navbatdagi robotlashtirilgan missiya 2026-yil avgustidan oldin bo‘lmagan muddatga rejalashtirilgan. «Chang’e-7» avvalgi missiyalardagi kabi Oy tuprog‘ini Yerga yetkazib berishni maqsad qilmagan, biroq u bir vaqtning o‘zida bir nechta natijalarga erishishni ko‘zlamoqda.

Foto: phys.org

Qo‘nish moduli Oyning janubiy qutbi hududiga qo‘nishga harakat qiladi va Quyosh nuri hech qachon tushmaydigan kraterlar tubida suv muzini izlash uchun kichik uchuvchi zondni ishga tushiradi.

Rejalashtirilgan qo‘nish hududi Sheklton krateri chekkasida, doimiy sovuq va soyada qoladigan mintaqalarga yaqin joylashgan bo‘lib, u yerda muz zaxiralari bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi. Agar missiya muvaffaqiyatli yakunlansa, «Chang’e-7» Oy yuzasida suv muzini aniqlab, uni bevosita o‘rgangan birinchi missiyaga aylanadi va shu bilan shunga o‘xshash AQSh loyihalarini ortda qoldiradi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston ham fazoga kosmonavt uchirishi haqida yozgandi.