
Turbinali kichik hajmli dvigatellar ko‘pincha ishonchsiz, tez ishdan chiqadigan va qimmat ta’mir talab qiladigan agregatlar sifatida baholanadi. 32cars nashrining yozishicha, amaliyot bu qarashlarni har doim ham tasdiqlamaydi.
Mexaniklar eng ishonchli variantlardan biri sifatida Honda’ning 1.5 T VTEC dvigatelini tilga oladi. Ushbu agregat Civic va HR-V modellarga o‘rnatilgan. Zanjirli mexanizmga ega bo‘lgan motor yaxshi muhandislik arxitekturasi bilan ajralib turadi. Muntazam moy almashtirilsa, u 200 ming km dan ancha ortiq masofani bosib o‘ta oladi va turbo dvigatellarga xos asosiy muammolardan deyarli xoli.
Kia va Hyundai’ning uch silindrli 1.0 T-GDI dvigateli ham mexaniklar ishonchini qozongan. Alyuminiy blokka ega ushbu motor vibratsiya bo‘yicha ideal bo‘lmasa-da, ayniqsa, mexanik uzatma bilan yaxshi natija ko‘rsatadi. Shahar sharoitida u iqtisodiyligi va yetarli dinamikasi bilan ajralib turadi.

Renault’ning 0.9 TCe dvigateli ham ijobiy baholangan. Ushbu ixcham motor zavoddan gaz tizimi bilan ham yaxshi ishlaydi. Shu bilan birga, klapan mexanizmi muntazam nazoratni talab qiladi. Clio, Captur va Twingo kabi modellarda qo‘llanilgan bu dvigatel bugun ham yaxshi holatda uchrab turadi.
Nisbatan kam tarqalgan, biroq ishonchli deb baholanayotgan yana bir variant Toyota’ning 1.2 T dvigatelidir. U Corolla va C-HR modellarga o‘rnatilgan. Konstruksiyasi murakkab bo‘lishiga qaramay, xizmat ko‘rsatish talablari bajarilsa, bu motor uzoq muddat barqaror ishlaydi.
Yevropada keng ommalashgan Volkswagen’ning 1.0 TSI dvigateli ham mexaniklar tavsiyasiga kirgan. Ushbu motor yoqilg‘i tejamkorligi, zamonaviy sovitish tizimi va samarali Miller sikli bilan ajralib turadi. Kamchiligi sifatida vaqt mexanizmi kamarini almashtirish murakkabligi qayd etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri qaysi avtomobillar 600 ming kmdan ko‘p yurishi haqida yozgan edi.