
O‘zbekistonning ayrim xorijiy mamlakatlardagi elchixonalarida madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Bu prezidentning 2026-yil 30-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar bilan madaniyat va turizm sohalaridagi aloqalarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida belgilandi. Farmonga muvofiq, hujjat ilovasida ko‘rsatilgan davlatlardagi elchixonalar shtat jadvaliga qo‘shimcha ravishda mazkur lavozim kiritiladi.
Yangi lavozim xorijda O‘zbekistonning madaniyat va turizm sohalaridagi tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish maqsadida joriy etilmoqda. Maslahatchini lavozimga tayinlash va undan ozod etish prezident Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘ining taqdimnomasiga asosan tashqi ishlar vaziri tomonidan amalga oshiriladi.
Maslahatchi tegishli davlatdagi diplomatik vakolatxona rahbariga bo‘ysunadi hamda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, u prezident Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘iga hisobdor bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belgiya O‘zbekistonda elchixona ochishi haqida xabar bergan edik.