Yangiliklar

Boeing 777X modelining ilk parvozi aprel oyiga rejalashtirilmoqda

777X modeli 747 va 777 laynerlarining vorisi hisoblanadi
Foto: Reuters / Amr Alfiky

Boeing kompaniyasi aprel oyida 777X ishlab chiqarish modelining ilk parvozini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Kompaniya ayni paytda Vashington shtatining Peyn-Fild aeroportida Lufthansa aviakompaniyasi buyurtma qilgan samolyotda yonilg‘i tizimi sinovlarini o‘tkazmoqda. Shu oyning oxirida dvigatel sinovlari boshlanishi rejalashtirilgan. Federal aviatsiya ma’muriyati tomonidan sertifikatsiyalash talablari yetkazib berishga tayyor holatdagi ishlab chiqarish samolyotlarida sinov o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.

Foto: Point Hacks

Boeing ushbu dasturni rivojlantirish uchun $15 mlrd zarar ko‘rgan bo‘lib, loyiha belgilangan jadvaldan olti yilga ortda qolmoqda. 777X sinov parki boshqa har qanday Boeing dasturiga qaraganda ko‘proq parvoz soatlarini amalga oshirgan bo‘lsa-da, sertifikatsiya jarayoni davom etmoqda.

777X modeli 747 va 777 laynerlarining vorisi hisoblanib, uzoq masofaga uchuvchi keng fyuzelyajli samolyotlar bozorida Airbus bilan raqobatlashish uchun mo‘ljallangan. O‘tgan hafta Boeing bosh direktori Kelli Ortberg GE Aerospace dvigatellari bilan bog‘liq potensial muammo haqida ma’lum qilgan edi. Biroq, bu holat birinchi 777X samolyotini kelasi yili yetkazib berish rejasiga ta’sir qilmasligi taxmin qilinmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAirways 22 ta Boeing 787 Dreamliner xaridi uchun kredit jalb qilmoqchiligi haqida xabar bergan edi.