Avto

BYD Song Plus elektromobili qanchalik foydali

BYD Song Plus’ning bir yarim yillik real egalik tajribasi o‘rganildi
BYD Song Plus
Foto: BYD / Fototahrir: Kursiv Uzbekistan

BYD Song Plus modelining bir yarim yillik real egalik tajribasi asosida video tayyorlandi. Avtomobil Almati shahrida doimiy ekspluatatsiya qilingan va 30 ming kilometrdan ortiq yo‘l bosilgan.

Foydalanish xarajatlari

Foto: You Tube

Song Plus egasiga ko‘ra, bir yarim yil davomida avtomobil deyarli qo‘shimcha xarajat talab qilmagan. Jiddiy texnik xizmat sifatida faqat reduktordagi moy almashtirilgan. Bu ish 32 ming kilometrda rasmiy dilerda bajarilgan va chegirma bilan 48 ming tenge ($96), chegirmasiz esa qariyb 54 ming tengega ($108) tushgan.

Mazkur xarajat tarkibiga 1,5 litr original moy, filtr va ish haqi kiradi. Elektromobilda ichki yonuv dvigateli yo‘qligi sababli moy, sham, filtr, transmissiya kabi ko‘plab servis xarajatlari umuman mavjud emas.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Kuzov sifati va kundalik holatlar

BYD Song Plus kuzovi galvanizatsiyalangan bo‘lib, bu uni zangga nisbatan chidamli qiladi. Kundalik foydalanish paytida yuzaga kelgan kichik shikastlanishlarda ham metall qismi zarar ko‘rmagan. Oddiy kosmetik tiklash orqali avtomobil tashqi ko‘rinishi to‘liq qayta tiklangan. Bu uzoq muddatli foydalanishda muhim ustunlik sanaladi.

Soliq va shahar imtiyozlari

Foto: You Tube

Qozog‘istonda BYD Song Plus elektromobil sifatida transport solig‘idan to‘liq ozod qilingan. Almati shahrida avtomobil egalari shahar to‘xtash joylaridan bepul foydalanishi mumkin. Buning uchun avtomobil raqamini rasmiy bazaga kiritish talab qilinadi. Ushbu imtiyozlar elektromobil egaligi qiymatini yanada oshiradi.

Zaryadlash va tejamkorlik hisobi

BYD Song Plus asosan uy sharoitida zaryadlanadi. Uy elektr tarmog‘ida bir kilovatt-soat elektr energiyasi o‘rtacha 45 tenge ($0,09) turadi. Tezkor jamoat zaryadlash stansiyalarida narx taxminan 80 tenge ($0,16) atrofida.

Foto: Gonzo Motors

Amaliy tajribada BYD Song Plus 100 kilometr masofaga o‘rtacha 23 kilovatt-soat energiya sarflaydi. Qishda bu ko‘rsatkich 27–30 kilovatt-soatgacha oshadi, yozda esa 14–15 kilovatt-soat atrofida bo‘ladi. Shunga qaramay, yoqilg‘i bilan solishtirilganda xarajatlar bir necha barobar past.

Oylik 2 ming kilometr yurishda elektromobil uchun energiya xarajati taxminan 20 ming tenge ($40) bo‘ladi. Xuddi shu masofa benzinli avtomobilda qariyb 94 ming tengeni ($188) talab qiladi. Yillik iqtisod kamida 880 ming tengega ($1,7 ming) yetadi.

Batareya va ishonchlilik masalasi

BYD Song Plus’da qo‘llanilgan Blade batareyalar mustahkamligi bilan ajralib turadi. Amaliy tajriba va foydalanuvchilar fikriga ko‘ra, bunday batareyalar 800–900 ming kilometrgacha sezilarli sig‘im yo‘qotmasdan xizmat qilishi mumkin. Batareya modulli tuzilishga ega bo‘lgani sababli, to‘liq almashtirish talab etilmaydi, alohida elementlar ta’mirlanadi.

Haydash xususiyatlari va kamchiliklar

Foto: You Tube

BYD Song Plus’ning asosiy kamchiliklaridan biri old yetakchi uzatma hisoblanadi. Avtomobil og‘ir bo‘lgani sababli tezlanishda old g‘ildiraklarda sirpanish kuzatiladi. Ayniqsa qish faslida bu yaqqol seziladi. Shu bois sifatli shinalar tanlash muhim.

Qishda batareya sarfi oshadi, biroq real sharoitda 300 kilometrga yaqin yurish zaxirasi saqlanib qoladi. Salon tez qiziydi, biroq old oynaning isitilishi yo‘qligi ba’zi holatlarda noqulaylik tug‘diradi.

Uzoq safarlar va infratuzilma

Владение ЭЛЕКТРИЧКОЙ BYD song plus / реальный опыт

BYD Song Plus bilan uzoq masofalarga yurish ham jiddiy muammo tug‘dirmaydi. Qozog‘iston bo‘ylab zaryadlash infratuzilmasi rivojlangan. Magistral yo‘llarda va shaharlarda tezkor zaryadlash shoxobchalari yetarli. Ko‘pincha qisqa tanaffus avtomobilni davom etish uchun yetarli darajada quvvatlantiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Destroyer 05 avtomobili taksi uchun qanchalik mos ke;lishi haqida yozgan edi.