Chevrolet avtomobillarining xavfsizlik ko‘rsatkichi past baholandi

4-fevral 2026 09:08 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet avtomobillarining xavfsizlik ko‘rsatkichi past baholandi
Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

AQSHda Chevrolet avtomobillarining xavfsizlik ko‘rsatkichi past baholandi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda. Consumer Reports tahlil qilgan natijalarga ko‘ra, General Motors’ning to‘rtta asosiy brendi yetakchi raqobatchilardan ortda qolmoqda.

Hisobotda avtomobillar to‘qnashuvdan himoya, avariyaning oldini olish texnologiyalari, boshqaruv barqarorligi va salon boshqaruv elementlari asosida baholandi. Natijalar uch toifaga bo‘lindi. Basic, Better va Best. Eng yuqori baho uchun mukammal krash-test natijalari, standart xavfsizlik funksiyalari va chalg‘itmaydigan boshqaruv talab qilinadi.

Foto: GMAutority

GM portfelida nisbatan yaxshi ko‘rsatkich Buick brendiga to‘g‘ri keldi. Biroq brend modellari orasida Best bahosini olgan avtomobil yo‘q. Modellarning 75 foizi Better, 25 foizi Basic darajasida qolgan. Cadillac va Chevrolet’da Best ulushi 25 foizdan kam bo‘lgan. Cadillac’da Better modellari ko‘proq, Chevrolet’da esa Basic ulushi yuqori chiqdi. GMC eng sust natija qayd etdi.

Foto: GMAutority

Consumer Reports mutaxassislariga ko‘ra, ayrim GM modellarida zamonaviy xavfsizlik funksiyalari qo‘shimcha opsiya sifatida taklif qilinmoqda. Sensorli ekranlarga haddan tashqari bog‘liqlik ham salbiy baholangan. Tashkilot vakillaridan biri xavfsizlik ixtiyoriy bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlagan.

Reytingda Mazda, Genesis va Acura yetakchilik qildi. Hisobotga ko‘ra, GM avtomobillari federal talablarni bajarsa-da, zamonaviy xavfsizlik bo‘yicha yuqori standartlarga yetolmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Damas test-drayv qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek