
Walt Disney kompaniyasi o‘zining ko‘ngilochar bog‘lar va kurortlar biznesi rahbari Josh Damaroni yangi bosh direktor etib tayinladi. Kompaniyada 28 yillik tajribaga ega mutaxassis amaldagi rahbar Bob Aygerning o‘rnini egallaydi.
Disney so‘nggi yillarda eng barqaror daromad keltirgan bo‘lim ko‘ngilochar bog‘lar biznesi rahbarini tanlash orqali striming bozoridagi noaniqliklar davrida ishonchli yo‘lni tanladi. Ushbu qaror ko‘ngilochar industriya gigantidagi uzoq yillik vorislik masalasiga nuqta qo‘ydi. Bob Ayger kompaniyani qariyb yigirma yil davomida boshqargan va 2022-yilda direktorlar kengashi uning vorisini ishdan bo‘shatgach, lavozimga qaytgan edi.

Ayger o‘z bayonotida «Disney kelajagi hech qachon bunchalik porloq bo‘lmagan bir paytda lavozimni tark etayotganidan faxrlanishini» ta’kidladi. Uning boshqaruvi davrida striming, televideniye va kino biznesidagi xarajatlarni qisqartirish hamda sportga ixtisoslashgan ESPN va kruiz yo‘nalishlarini rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
54 yoshli Damaro kompaniyaga 1998-yilda Disneyland Resort orqali kelib qo‘shilgan. Hozirda u o‘tgan yili $36 mlrd daromad keltirgan va 185 ming nafar xodimga ega Disney Experiences bo‘limini boshqarib kelmoqda. Uning rahbarligida dunyo bo‘ylab 12 ta tematik park va 54 ta kurort faoliyat yuritadi. CNBC telekanaliga bergan intervyusida Disney boshqaruv raisi Jeyms Gorman Damaro nafaqat moliyaviy mahoratga, balki «ajoyib ijodiy yondashuvga» ham ega ekanini aytdi.
Kompaniya hujjatlariga ko‘ra, Damaroning yillik bazaviy maoshi $2,5 mlnni tashkil etadi. Shuningdek, unga har yili kamida $26,3 mlnlik aksiyalar va bu yilgi yangi lavozimi uchun 9,7 mlnlik bonus taqdim etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Disney «Hayvonlar shahri-2» filmi bilan kinokassa rekordlarini yangilagani haqida xabar bergan edi.