
Great Wall Motor’ning premium Wey brendi Xitoy bozorida o‘zining yangi flagman modeli — V9X nomli plug-in gibrid SUV’ni tizer orqali namoyish qildi. Bu haqda Carnews China nashri xabar berdi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, model yaqin oylar ichida sotuvga chiqadi va to‘liq elektr rejimida 400 kilometrgacha masofa bosib o‘tish imkonini beradi.
3-fevral kuni e’lon qilingan rasmiy tasvirlardan ko‘rinishicha, V9X Wey oilasidagi eng yuqori darajadagi krossover bo‘ladi. Xitoy madaniyatida «9» raqami uzoq umr va barqarorlik ramzi sanaladi, shu bois yangi model brend flagmani sifatida joylashtirilmoqda. V9X, shuningdek, GWM’ning yangi GWM One modulli platformasida yaratilgan ilk avtomobilga aylanadi.

Avtomobil yirik o‘lchamlarga ega bo‘lib, kuzov uzunligi 5,3 metrdan oshadi. Dizaynda old qismdagi ingichka LED chiroqlar, yoritiladigan Wey logotipi, tom qismida joylashgan LiDAR sensori hamda yagona orqa chiroq bloki e’tiborni tortadi. Ayrim tizerlarda avtomobil Navigate On Autopilot tizimi faol holatda harakatlanayotgani ham ko‘rsatilgan bo‘lib, bu V9X ilg‘or yordamchi haydash texnologiyalariga ega bo‘lishidan darak beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Wey V9X yaqin vaqt ichida Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi katalogiga kiritiladi. Ommaviy ishlab chiqarishni 2026-yil mart oyida boshlash, rasmiy taqdimotni esa aprel oxirida bo‘lib o‘tadigan Pekin avtosalonida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Texnik jihatdan, yangi flagman olti o‘rindiqli plug-in gibrid SUV bo‘lib, 2 litrli turbinali benzin dvigateli va ikkita elektromotor bilan jihozlanadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soatgacha 4,4 soniyada tezlashadi. To‘liq elektr rejimidagi yurish zaxirasi 400 kilometrni tashkil etadi. 6C tezkor quvvatlash texnologiyasi esa besh daqiqada 200 kilometrga yetadigan energiyani to‘plash imkonini beradi.
Yangi GWM One platformasi ichki yonuv dvigatelli, gibrid, plug-in gibrid, to‘liq elektr va vodorodli kuch qurilmalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangilangan HAVAL H9 taqdim etilgani haqida yozgandi.