
Ijtimoiy tarmoqlarda davlat axborot tizimlaridan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari tarqaldi, degan xabarlar ortidan Ichki ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, ichki ishlar organlari tasarrufidagi barcha axborot tizimlari to‘liq himoyalangan. Mazkur tizimlarda saqlanayotgan shaxsiy ma’lumotlarning daxlsizligi ta’minlangan bo‘lib, tashqi manbalar orqali noqonuniy kirish holatlari aniqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, 3-fevral kuni Kiberxavfsizlik markazi ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.
Milliy statistika qo‘mitasi esa tarmoqlarda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishdagi rasmiy sayt ishlamayotgani, xakerlik hujumlari bo‘lgani haqida xabarlar tarqalayotganini va bu asossiz ekanini bildirdi.
Unga ko‘ra, online ro‘yxatdan o‘tish joriy yil 31-yanvarda yakunlangani sababli platforma yopilgan. Census.stat.uz sayti 2026-yil 15 – 31-yanvar kunlari faol bo‘lgan. Axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida ro‘yxatga olish tugagach, saytga O‘zbekiston hududidan tashqarida kirish cheklangan.
Mazkur xabarlar fonida keyinroq Ijtimoiy himoya milliy agentligi ham rasmiy bayonot berdi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim axborot saytlarida e’lon qilingan ma’lumotlar holatning haqiqiy mazmuniga mos kelmaydi. Hozirda vaziyatni aniqlash maqsadida belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.