Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda

Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha rejalarni e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Bosh vazir Pedro Sanches Dubayda bo‘lib o‘tgan Jahon hukumatlari sammitida bu haqda ma’lum qilib, asosiy maqsad yoshlarni «giyohvandlik, zo‘ravonlik va manipulyatsiya» kabi xavflardan himoya qilish ekanini aytdi.
Hali parlament tasdig‘idan o‘tishi kerak bo‘lgan ushbu taqiq kompaniya rahbarlarini o‘z platformalaridagi noqonuniy yoki zararli kontent uchun javobgar qilishni ham ko‘zda tutadi. Sanchesning so‘zlariga ko‘ra, platformalar shunchaki «belgilash katakchalari» emas, balki samarali va haqiqiy yoshni tekshirish tizimlarini joriy etishi shart.

Shuningdek, yangi qonunlar algoritmlarni manipulyatsiya qilish orqali noqonuniy kontentni kuchaytirishni jinoiy javobgarlikka tortadi. Bosh vazir kelasi hafta ushbu qonunlarni qabul qilishga umid bildirgan bo‘lsa-da, uning hukumati parlamentda ko‘pchilik ovozga ega emasligi qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.
Muxolifatdagi Xalq partiyasi cheklovni qo‘llab-quvvatlashga moyil, ammo o‘ng qanot Vox partiyasi bunga qarshi chiqmoqda. X egasi Ilon Mask ushbu e’longa javoban Sanchesni «zolim va Ispaniya xalqining xoini» deb atadi.
Avstraliya o‘tgan yili bunday taqiqni joriy etgan dunyodagi birinchi davlat bo‘lgan edi. Hozirda Fransiya, Daniya, Avstriya va Buyuk Britaniya ham shunday milliy yosh chegaralarini belgilashni ko‘rib chiqmoqda. Ijtimoiy tarmoq kompaniyalari esa bunday taqiqlar samarasiz bo‘lishini va zaif o‘smirlarni yakkalab qo‘yishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Emmanuel Makron 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash zarurligini ta’kidlagani haqida xabar bergan edi.