Maktabga tayyorlov guruhlari majburiy bo‘ladi

eʼlon qilindi
120 o‘rinli «Yangi avlod» davlat bog‘chalari tashkil etiladi
bog‘cha
Foto: Ochiq manbalar

Bugun, 4-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda maktabgacha taʼlim bolaning intellektual, ijtimoiy va maʼnaviy rivojlanishida muhim bosqich ekani taʼkidlandi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatda bog‘cha bilan qamrov 78 foizga yetdi. Biroq qamrovni 80 foizga chiqarish uchun qo‘shimcha bog‘cha o‘rinlari zarurligi, 39 ta tuman va shaharda bu ko‘rsatkich hanuz 70 foizdan past ekani qayd etildi.

Shuningdek, davlat bog‘chalarida pedagoglarning 61 foizi, nodavlat bog‘chalarda esa 76 foizi o‘rta maxsus maʼlumotga egaligi kadrlar salohiyatini oshirish dolzarb vazifa ekanini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator chora-tadbirlar taklif etildi. Xususan, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari umumiy o‘rta taʼlimning majburiy boshlang‘ich bosqichi sifatida joriy etiladi. Bu orqali bolalarni maktabga puxta tayyorlash va taʼlimda uzluksizlikni taʼminlash maqsad qilingan.

Taʼlim jarayonida o‘yinga asoslangan model joriy etilib, bolalarning tabiiy qobiliyati va qiziqishlari inobatga olinadi. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘quv muhiti yangilanadi.

2026–2028-yillarda har bir hududda 120 o‘rinli «Yangi avlod» davlat bog‘chalari va ularning tarkibida bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu bog‘chalarda rahbar va pedagog xodimlarga tarif stavkasiga nisbatan 20 foizlik oylik ustama belgilanadi.

Nodavlat taʼlim tashkilotlariga ham maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Bu taʼlim xizmatlari bozorida raqobatni kuchaytirish va qamrovni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Kadrlar tayyorlash tizimi ham yangilanadi. 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliygohlarida maktabgacha va boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishlari xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi. O‘rta maxsus maʼlumotli pedagoglar uchun esa dual taʼlim asosida bakalavr tayyorlash tizimi joriy etiladi.

2027–2028-o‘quv yilidan maktabga tayyorlov guruhlarini tugatgan bolalarga davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi va bu maʼlumot maktab shahodatnomasida aks ettiriladi.

Taqdimotda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash choralari ham muhokama qilindi. Qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan hududlarda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan bog‘chalar uchun yer ijara to‘lovlari 30 yilgacha undirilmaydi. Har bir bola uchun davlat bog‘chalaridagi xarajatlarning 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, kamida 150 o‘rinli nodavlat bog‘chalar tashkil etgan tadbirkorlarga 7 yilgacha $5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar, tarbiyachilar ish haqi xarajatlarini uch yil davomida qoplash kabi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ayrim bolalar uchun bogʻcha pulining bir qismi Davlat budjetidan qoplab berilishi haqida yozgandi.

Shuningdek