Malayziya kompaniyasi Toshkent viloyatida golf-kurort majmuasi qurmoqchi

eʼlon qilindi
Majmua loyihasida 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar ham bor
Malayziya kompaniyasi Toshkent viloyatida golf-kurort majmuasi qurmoqchi / Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning «Spora Global Sdn Bhd» kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida zamonaviy golf-kurort majmuasini qurish loyihasini muhokama qildi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Majmuada professional golf maydoni, golf klubi binosi, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, zamonaviy turar-joy binolari, restoran va sog‘lomlashtirish markazi, akvapark hamda qishki mavsum uchun chang‘i inshootlari bo‘lishi rejalashtirilgan. Loyiha hududdagi sport infratuzilmasini rivojlantirish va viloyatning turizm salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarishni maqsad qilgan.

Investorlar loyihani Toshkent viloyati hokimligi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida, jumladan qo‘shma korxona tashkil etish orqali amalga oshirishni taklif qildilar. Kompaniya ijrochi direktori Fio Fahmi yaqin kunlarda kompaniya rahbariyati va mutaxassislaridan iborat delegatsiya loyihani o‘rganish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishini aytdi.

Ma’lumot uchun, «Spora Global Sdn Bhd» kompaniyasi 2012-yilda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyati mehmonxona va kurortlarni loyihalash, qurish, boshqarish, ta’mirlash va dizayn qilishdan iborat. Kompaniya Singapur, Avstraliya, Vyetnam, Indoneziya, Yangi Zelandiya va Shotlandiyada golf klublarini boshqaradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mercedes-Benz Dubayda osmono‘par binolardan iborat shahar ichidagi shahar qurishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek