Markaziy bank: banklar va to‘lov tizimlariga kiberhujum bo‘lmagan

Markaziy bank banklar, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlarining axborot tizimlariga kiberhujum sodir etilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Regulyator izohiga ko‘ra, 3-fevral kuni fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari turli manbalarda, jumladan, darknet saytlarida tarqalgani haqidagi xabarlar yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan. Natijada banklar va to‘lov tizimlari axborot infratuzilmasiga noqonuniy kirish holatlari aniqlanmagan.
Markaziy bank fuqarolarni noma’lum va shubhali manbalarda tarqatilayotgan havolalarga kirmaslikka chaqirdi. Shuningdek, bank karta rekvizitlari, SMS-kodlar va parollar kabi shaxsiy ma’lumotlarni begonalarga bermaslik zarurligi yana bir bor eslatildi.
Regulyator faqat rasmiy manbalar orqali e’lon qilingan axborotlarga ishonishni, shubhali holatlarga duch kelinganda esa vakolatli organlarga murojaat qilishni tavsiya etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ijtimoiy himoya milliy agentligi shaxsiy ma’lumotlar tarqalishi bo‘yicha rasmiy izoh bergani haqida yozgandi.