O‘zbekistonda dorilar narxi 40–60 foizga pasayadi

eʼlon qilindi
2026-yilning 1-martidan
Dori
O‘zbekistonda dorilar narxi 40–60 foizga pasayadi / Foto: Pexels.com

2026-yilning 1-martidan dorilar narxlari 40–60 foizga arzonlashadi, 1-iyuldan esa yana 4 ming nomdagi dorilarning narxi tushiriladi. Bu haqda Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi rahbari Anvarxon Akabirov O‘zA’ga ma’lum qildi.

Yangi loyihalar va investitsiyalar

2025-yilda respublika bo‘yicha qiymati $136 mln bo‘lgan 48 ta yangi loyiha ishga tushirildi va 2441 yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu loyihalarga jami $392 mln investitsiya jalb qilindi, shundan 92 foizi xorijiy mablag‘ bo‘ldi.

Hududlarda jami $878 mln qiymatdagi 39 ta loyiha amalga oshirildi, jumladan «Tashkent Pharma Park» klasterida $407 mln qiymatdagi 13 ta loyiha joylashtirildi. Farmatsevtika klasterida loyihalar soni 32 taga yetdi va ularning umumiy qiymati $981 mlnni tashkil etdi. Erkin iqtisodiy zonalarda 5 ta loyiha ishga tushirildi va 17 ta yangi investitsiya loyihasi joylashtirildi.

Ishlab chiqarish va mahalliylashtirish

Tarmoq korxonalari tomonidan 7,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 46 ta mahalliy korxona tomonidan 639 turdagi dorilar ishlab chiqarildi. Umumiy dorilar nomi 6,4 mingtadan oshdi, mahalliylashtirish dasturi doirasida esa 1,4 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Eksport natijalari

Eksport hajmi 220 mlnga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 125 foiz o‘sishni ko‘rsatadi. Eksport qilinayotgan davlatlar soni 55 taga yetdi, jumladan BAA, Afg‘oniston va Polshada 4 barobar, AQShga esa 8 barobar oshdi.

Xorijiy investitsiyalar va shartnomalar

Yangi investitsiya loyihalarini jalb qilish maqsadida 700 dan ortiq xorijiy kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Narxlari sun’iy ravishda oshirilgan 2 ming nomdagi import dorilarining referent narxlari qayta belgilandi. «Romfarm NS» korxonasi $20 mln qiymatdagi 130 turdagi import dorilarini texnologiya transferi asosida ishlab chiqarish bo‘yicha 10 ta shartnoma imzoladi. 2025-yil oktabrida Germaniyada «CPHI Frankfurt 2025» xalqaro ko‘rgazmasi doirasida texnologiya transferi yo‘nalishida 20 ta xalqaro shartnoma tuzildi.

Normativ-huquqiy tartib va xalqaro integratsiya

Dorilar va tibbiy jihozlar sifatini ta’minlash va ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish maqsadida 19 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. 2025 yil dekabrida O‘zbekiston PIC/S tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun rasmiy ariza topshirdi. Hozirgi kunda ushbu tashkilot tarkibiga 50 dan ortiq davlat, jumladan AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaponiya va Janubiy Koreya a’zo hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qanday dorilarni retseptsiz sotib olish mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek