Yangiliklar

O‘zbekistonda «Qirol sher» rejissyori ishtirokida animatsion film olinishi mumkin

Rob Minkoff bilan to‘liq metrajli milliy loyiha bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichga o‘tmoqda
Foto: The Lion King Wiki

Bolalar kontentini rivojlantirish markazi rahbari Jahongir Ahmedov va mashhur «Qirol sher» («Simba») multfilmi rejissyori Rob Minkoff o‘rtasida hamkorlik muzokaralari davom etmoqda. Tomonlar O‘zbekiston tarixi va qadriyatlariga asoslangan to‘liq metrajli animatsion film yaratishni rejalashtirgan.

Bolalar kontentini rivojlantirish markazi rahbari Jahongir Ahmedov o‘tgan yilning noyabr oyida Gollivudning eng taniqli rejissyorlaridan biri Rob Minkoff bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. O‘shanda tomonlar O‘zbekiston tarixi, qadriyatlari va milliy qahramonlariga asoslangan to‘liq metrajli animatsion filmni xalqaro standartlar asosida ishlab chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan edi.

Foto: Empire

Yangi olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rob Minkoff ushbu yirik loyiha bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichiga kirishishga tayyorligini bildirgan. Bu haqda Bolalar kontentini rivojlantirish markazi xabar berdi.

Mazkur hamkorlik O‘zbekiston animatsiya sanoati uchun ulkan tajriba maktabi vazifasini o‘tashi kutilmoqda. Agar kelishuv muvaffaqiyatli amalga oshsa, o‘zbek milliy qahramonlari dunyo ekranlariga Gollivud sifati bilan chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Loyihaning aniq budjeti va premyera sanalari muzokaralar yakunida ma’lum qilinishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kelgusida O‘zbekistonda ham Disneyland tematik bog‘i barpo etilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.