
Namangan viloyatining Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligida yerlaridan maqsadli foydalanish tartibiga rioya qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, mansabdor shaxslarning sovuqqonligi natijasida 5 tadbirkor ruxsatsiz bino va inshootlar qurib, yer uchastkalarining ixtisoslashuvi o‘zgartirilishi oqibatida davlatga zarar yetkazgan.

Shu bilan birga, 460 nafar ijarachidan ijara to‘lovlari undirilmadi. Bu davlatga 1,4 mlrd so‘mdan ortiq zarar keltirdi. Mansabdorlar ayrim ijarachilar bilan til biriktirib, 2023 – 2025 yillarda jami 5356 metr kub nоruda materiallarni noqonuniy qazib olib, davlatga 1,3 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazgan. Aniqlangan holatlar bo‘yicha JKning bir necha moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Tezkor tadbirda Pop o‘rmonbegisi 1998-yilda tug‘ilgan fuqaroning yer olish evaziga $15 ming olgan paytda, Davlat kadastrlar palatasi mutaxassisi esa $500 olgan paytda ushlangan. Hozirda ularga JKning 168-moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi direktorining vaqtincha vazifasini bajaruvchi shaxs xizmat mavqeyidan foydalanib, 50 sotix yerni ijaraga berish evaziga $10 ming talab qilgan va oldindan $5 ming olgan paytda ushlangan. Unga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Namangan viloyatlarida mansabdor shaxslar pora ustida ushlangan edi.