Yangiliklar

Prezident davlat tashrifi bilan Pokistonga boradi

2026-yilning 5–6 fevral kunlari
Mirziyoyev
Prezident davlat tashrifi bilan Pokistonga boradi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan 5–6 fevral kunlari ushbu mamlakatga davlat tashrifi bilan boradi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Islomobod shahrida Pokiston prezidenti Asif Ali Zardoriy, bosh vazir Shahboz Sharif, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni – Qurolli Kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan muzokaralar o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Oliy darajadagi muloqotlar kun tartibining markazida O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari bo‘ladi. Tomonlar siyosiy muloqotni kengaytirish, ikki mamlakat hukumatlari, parlamentlari, ishbilarmon doiralari va hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qiladilar.

Muzokaralarda tovar ayirboshlashni oshirish, sanoat, transport va infratuzilma, turizm sohalaridagi hamkorlik loyihalarini rivojlantirish hamda madaniy-gumanitar aloqalarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi. Muzokaralar yakunida Qo‘shma deklaratsiya hamda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti ikki mamlakat yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etadigan qo‘shma biznes forumida ham qatnashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Turkiya bilan tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazishi haqida xabar bergan edik.