Avto

Qaysi avtomobillar 600 ming kmdan ko‘p yuradi

Oddiy benzin dvigatellari muntazam moy almashtirish bilan yuz minglab kilometrni muammosiz bosib o‘tadi
Qaysi avtomobillar 600 ming kmdan ko‘p yuradi
Rasm SI yordamida yaratilgan

Tajribali avtomexanik Kris Paylning aytishicha, ayrim avtomobillar katta mustahkamlik zaxirasi bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, 600 ming km va undan ortiq masofani bosib o‘ta oladi. Bu haqda Gobankingrates nashri xabar berdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, bunday avtomobillarning asosiy ustunligi oddiy konstruksiya, ishonchli atmosfera dvigatellari va murakkab elektron tizimlarning kamligidir. Aynan elektronika vaqt o‘tib qimmat ta’mirlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Toyota Land Cruiser / Foto: Top Gear

U dunyodagi eng chidamli modellardan biri sifatida Toyota Land Cruiser’ni tilga oldi. Ramali kuzov, ishonchli dvigatellar va yuqori ta’mirlash imkoniyati ushbu yo‘ltanlamasning og‘ir sharoitlarda ham o‘nlab yillar xizmat qilishiga imkon beradi. Shuningdek, Toyota Corolla ham mexanik tomonidan halol muhandislik namunasi sifatida baholandi. Oddiy benzin dvigatellari muntazam moy almashtirish bilan yuz minglab kilometrni muammosiz bosib o‘tadi.

Foto: Honda Accord

Honda Accord’ning atmosfera dvigatelli talqinlari ham uzoq umr ko‘rishi bilan ajralib turadi. Kuchli dvigatel va resursga boy transmissiya ushbu modelni o‘rta sinfdagi eng chidamli avtomobillardan biriga aylantiradi. Premium segmentida esa Lexus RX alohida e’tirof etildi. Mexanik fikricha, ushbu krossover ortiqcha texnik tajribalarsiz yuqori ishonchlilikni ta’minlab, 600 ming km va undan ortiq masofani bemalol bosib o‘ta oladi.

Payl, shuningdek, og‘ir yuklamalar uchun yaratilgan Ford F-Series pikaplarini ham eng ishonchli avtomobillar qatoriga kiritgan. Mustahkam rama va sodda dvigatellar ularni uzoq muddatli foydalanishga mos qiladi.

Foto: Autoweek

Mutaxassis yana Toyota Camry, Honda Civic, Subaru Outback, Chevrolet Silverado, Toyota Tacoma va GMC Sierra kabi avtomobillar ham to‘g‘ri xizmat ko‘rsatilgan taqdirda 600 ming kmga yaqin masofani bosib o‘tishi mumkinligini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoy elektromobillari qanchalik ishonchli ekani haqida yozgan edi.