
Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi 2025-yil yakunlari bo‘yicha banklardagi aksiyalar hajmi va aksiyadorlar ulushini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bugungi kunda 38 ta bank tomonidan chiqarilgan aksiyalarning umumiy hajmi 95,9 trillion so‘mdan oshgan. Bank aksiyalariga qiziqish nafaqat kapitallashuv, balki aksiyadorlar soni bo‘yicha ham yuqori. Jami 234,5 ming nafar aksiyadorning qariyb 75 foizi — 174,1 ming nafari jismoniy shaxslar hisoblanadi.
Aksiyadorlar soni bo‘yicha reytingda Agrobank mutlaq yetakchi bo‘lib, unda 92,8 ming nafar aksiyador mavjud. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda SQB (40,1 ming nafar) va Mikrokreditbank (34,6 ming nafar) egallagan. Shuningdek, yuqori beshlikka Ipoteka-bank 22 ming nafar, Turonbank 10,7 ming nafar aksiyador bilan kirgan.

Eslatib o‘tamiz, 23-yanvardan 30-yanvargacha bo‘lgan davrda «O‘zsanoatqurilishbank» (+5,16%) va «Trastbank» (+5%) aksiyalarida yuqori o‘sish qayd etilgandi. Ushbu davrda «Ipoteka-bank»ning imtiyozli aksiyalari esa 11,21 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi.