Gadjetlar

Samsung Galaxy S22 seriyasi uchun oylik yangilanishlarni to‘xtatdi

Galaxy S22 modellari 2022-yil fevral oyida Android 12 bilan taqdim etilgan edi
Foto: Sammobile

Samsung Galaxy S22 seriyasi endi oylik xavfsizlik yangilanishlarini olmaydi. Bu haqda Sammobile ma’lum qildi. Kompaniya ushbu smartfonlarni choraklik yangilanish rejimiga o‘tkazgan.

Galaxy S22 modellari 2022-yil fevral oyida Android 12 bilan taqdim etilgan edi. Shu vaqt ichida qurilmalar Samsung va’da qilgan barcha to‘rtta yirik Android yangilanishini olgan. Hozirda smartfonlar One UI 8.0 interfeysida ishlamoqda.

Manbalarga ko‘ra, Galaxy S22 seriyasi joriy yil oxirigacha One UI 8.5 yangilanishini olishi mumkin. Bu esa mazkur modellarning so‘nggi interfeys yangilanishi bo‘ladi. Android versiyasi endi yangilanmaydi.

Samsung 2026-yil yanvar oyida Galaxy S22 modellari uchun so‘nggi xavfsizlik patchini chiqardi. Keyingi yangilanish kamida uch oy o‘tgach taqdim etiladi. 2027-yildan boshlab esa kompaniya ushbu liniya uchun yangilanishlarni butunlay to‘xtatishi rejalashtirilgan.

Mutaxassislar foydalanuvchilarga Galaxy S22’ni kamida yana bir yil muammosiz ishlatish mumkinligini aytmoqda. Biroq keyinroq qurilma qiymati keskin tushishi mumkin.

Yangi flagmanlarga o‘tishni rejalayotganlar uchun Samsung hozirda yetti yilgacha tizim va xavfsizlik yangilanishlarini va’da qilmoqda. Kompaniyaning yangi Galaxy S26 seriyasi yaqinda taqdim etilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S21 seriyasi dasturiy qo‘llab-quvvatlovini yakunlagani haqida yozgan edi.