Gadjetlar

Samsung Galaxy S26 seriyasining rasmiy tizeri e’lon qilindi — video

Kompaniya yangi modellarda kamera imkoniyatlari yaxshilanishiga urg‘u bermoqda
Samsung Galaxy S26 seriyasining rasmiy tizeri e’lon qilindi
Foto: CNET

Samsung kompaniyasi Samsung Galaxy S26 seriyasi bo‘yicha ilk tizer videolarini taqdim etdi. Bu haqda GSMArena xabar bermoqda. Kompaniya yangi modellarda kamera imkoniyatlari yaxshilanishiga urg‘u bermoqda.

Tizerlarda Galaxy S26 seriyasida kuchli zoom va past yorug‘likda video yozish sifati oshirilgani ko‘rsatilgan. Birinchi videoda avtomobil ichida o‘tirgan itga uzoq masofadan yiriklashtirish amalga oshiriladi. Kadrlar 10x’dan yuqori zoom imkoniyatiga ishora qiladi. Shu bilan birga, roliklarda ayrim fonlar sun’iy intellekt yordamida yaratilgani qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy S26 Ultra modelida 50 MP 5x optik zoomli periskop kamera va 10 MP 3x telefoto kamera bo‘lishi mumkin.

Camera | What’s next?: Closer | Samsung

Samsung Galaxy S26 Plus hamda Samsung Galaxy S26 esa yangilangan 12 MP 3x telefoto yoki avvalgi 10 MP modulni saqlab qolishi ehtimoli bor.

Qolgan ikki tizer video past yoritishda video olish sifati sezilarli yaxshilanganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Galaxy S26 Ultra modelida f/1.4 diafragmali takomillashtirilgan 200 MP asosiy kamera o‘rnatilishi kutilmoqda.

Galaxy S26, Galaxy S26+ va Galaxy S26 Ultra modellari 25-fevral kuni taqdim etilishi mumkin. Smartfonlar sotuvi mart oyida boshlanishi kutilmoqda. Hududga qarab, qurilmalar Snapdragon 8 Elite Gen 5 yoki Samsung‘ning o‘ziga tegishli Exynos 2600 protsessori bilan jihozlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 seriyasining narxi e’lon qilingani haqida yozgan edi.