
Samsung kompaniyasi Android 16 asosidagi yangi One UI 8.5 interfeysini faol sinovdan o‘tkazmoqda. Hozircha ochiq beta-test faqat Galaxy S25 seriyasi uchun mavjud. Ammo kompaniyaning ichki serverlarida 60 dan ortiq qurilma uchun tayyor sinov versiyalari aniqlangan.
Gizmochina’ga ko‘ra, yangi yangilanish quyidagi qurilmalarni qamrab olishi kutilmoqda:
- Galaxy S flagmanlari – Galaxy S22, S23, S24 va S25 seriyalari (shu jumladan FE va Ultra modellar);
- Buklanadigan smartfonlar – Galaxy Z Fold va Z Flip’ning 4-avloddan 7-avlodgacha bo‘lgan modellari, shuningdek yangi TriFold;
- Galaxy A seriyasi – A06’dan A56’gacha bo‘lgan LTE va 5G modellari;
- Galaxy M va F seriyalari – o‘rta va budjet segmentidagi M va F liniyalari;
- Himoyalangan qurilmalar – Galaxy XCover 7 Pro va Tab Active 5;
- Planshetlar – Galaxy Tab S8, S9, S10 (shu jumladan FE va Ultra modellar) hamda Tab A modellari.
One UI 8.5 yangilanishi yangilangan 3D ikonlar, silliq animatsiyalar, sun’iy intellekt asosidagi yangi funksiyalar va boshqaruv panelini chuqur sozlash imkoniyatlarini taqdim etadi.
Keng ko‘lamli ichki testlar Samsung’ga Android 16’ning yakuniy versiyasini qurilmalarga tezroq tarqatish imkonini beradi. One UI 8.5 ning rasmiy taqdimoti 2026-yil fevral oyida, Galaxy S26 seriyasi bilan birga bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S26 seriyasining rasmiy tizeri e’lon qilingandi. Tizerlarda Galaxy S26 seriyasida kuchli zoom va past yorug‘likda video yozish sifati oshirilgani ko‘rsatilgan.