Saraton kasalligining 40 foizigacha oldini olish mumkin, O‘zbekistonda 20 ming nafar egizak dunyoga keldi — 4-fevralda e’lon qilingan yangiliklar

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan dayjesti
Bolalar saratoni
Foto: MedlinePlus

Ilon Mask tarixda boyligi 800 milliard dollardan oshdi, saraton kasalligining 40 foizigacha oldini olish mumkin — 4-fevralda e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

Qozog‘iston vazirligi O‘zbekistonga 3 dollardan go‘sht sotilganini shubha ostiga oldi

Foto: Kursiv Uzbekistan

Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Janel Kushukova O‘zbekistonga go‘shtning 1 kgni $3 evaziga eksport qilingani haqidagi ma’lumotlarga munosabat bildirdi. Rasmiy vakil ushbu statistikani shubhali deb atab, buni texnik xato bilan izohlash mumkinligini ta’kidladi.

Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston Qozog‘istondan $189,9 mlnlik 66,1 ming tonna mol go‘shti va submahsulotlar sotib olgan. Bu har bir kilogramm uchun o‘rtacha $2,87 (35 ming so‘m) to‘g‘ri kelishini anglatadi. Ayni paytda Qozog‘iston ichki bozorida go‘sht narxi 32,1 foizga oshib, 109 ming so‘mni (4—4,5 ming tenge) tashkil qilmoqda.

Ilon Mask tarixda boyligi 800 milliard dollardan oshgan ilk odamga aylandi

Ilon Mask
Foto: Vm.ru

Forbes jurnalining xabar berishicha, amerikalik tadbirkor va SpaceX asoschisi Ilon Mask boyligi $800 milliarddan oshgan tarixdagi birinchi shaxsga aylandi.

Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, SpaceX xAI’ni sotib olganidan so‘ng, Maskning sof boyligi $852 milliardga yetgan. SpaceX biznesmenning eng qimmatli aktivi bo‘lib qolmoqda. Mask shuningdek, Tesla aksiyalarining taxminan 12 foiziga, qiymati $178 milliardga va elektromobil ishlab chiqaruvchining yana $124 milliardga teng aksiya opsionlariga egalik qiladi

Barselona 2029-yilgi Chempionlar ligasi finalini qabul qilish uchun ariza topshirdi

Foto: Telegram / Davron Fayziev

«Barselona» futbol klubi 2029-yilgi UEFA Chempionlar ligasi finalini o‘tkazish bo‘yicha dastlabki hujjatlarni rasman taqdim etdi. Klub bu jarayonda Barselona shahar kengashi va Kataloniya hukumati bilan hamkorlik qilmoqda.

Taqdim etilgan hujjatlar UEFA’ga «Spotify Camp Nou» stadionining talablarga muvofiqligini baholash imkonini beradi. To‘liq va yakuniy ariza 2026-yilning iyun oyida, jarayonning hal qiluvchi bosqichida topshirilishi kutilmoqda. Klub bayonotida taklif hali UEFA’ning tasdig‘iga bog‘liqligi ta’kidlangan.

Saraton kasalligining 40 foizigacha oldini olish mumkin — JSST

Bolalar saratoni
Foto: MedlinePlus

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi tomonidan o‘tkazilgan yangi global tahlilga ko‘ra, dunyo bo‘ylab saraton kasalligining o‘ndan to‘rtta holatining oldini olish mumkin.

Tadqiqot 185 mamlakatdan olingan 36 turdagi saraton kasalligi bo‘yicha ma’lumotlarni qamrab oladi. Unda tamaki va alkogol iste’moli, yuqori tana massasi indeksi, past jismoniy faollik, havo ifloslanishi va ultrabinafsha nurlanish kabi 30 ta oldini olish mumkin bo‘lgan xavf omillarining ta’siri baholandi.

Toshkent metrosida yo‘lovchilar oqimi qanchaga oshdi

Toshkent metrosida yo‘lovchilar oqimi qanchaga oshdi
Foto: Milliy statistika qo‘mitasi

2025-yilda Toshkent metropoliteni orqali jami 286,8 million yo‘lovchi (umumiy qatnovlar nazarda tutilmoqda) tashildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 6,1 foizga oshgan. Shu davrda metrodan bir kunda foydalanish soni o‘rtacha 785,6 mingni tashkil qilgan. Xususan, 2020-yildagi 38,8 milliondan 2025-yilda 286,8 millionga yetdi.

O‘zbekistonda 2025-yilda salkam 20 ming nafar egizak dunyoga keldi

Foto: Milliy statistika qo‘mitasi

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil davomida respublika bo‘yicha jami 879 mingta tirik tug‘ilish holati FHDYO organlarida qayd etildi. Umumiy ko‘rsatkichlar ichida 20 mingga yaqin holatda oilalarda egizak farzandlar dunyoga kelgan. Tug‘ilishlarning chaqaloqlar soni bo‘yicha taqsimlanishiga ko‘ra, o‘tgan yili 859 ming nafar bir nafar tug‘ilganlar hisobiga to‘g‘ri keldi. 2 nafar egizak tug‘ilganlar soni 19,9 ming nafarni, 3 nafar va undan ortiq tug‘ilganlar esa 558 nafarni tashkil etgan.

2026-yilda qaysi kosmik parvoz va missiyalar amalga oshiriladi

Foto: SpaceX

O‘tgan yil kosmik sohada juda ko‘p dramatik va yorqin lahzalarni olib keldi: parvozlar soni rekord darajaga yetdi, uzoq olamlardan hayratlanarli manzaralar namoyon bo‘ldi, yutuqlar va muvaffaqiyatsizliklar navbatma-navbat kuzatildi. 2026-yilda yangi raketa-tashuvchilarning debyuti kutilmoqda, olimlar esa koinotni o‘rganishda yangi «oynalar» ochilishiga umid qilmoqda. Ushbu materialda shu yil eng ko‘p kutilgan kosmik missiyalar ro‘yxati keltiriladi.

Disney kompaniyasiga Josh Damaroni yangi bosh direktor etib tayinlandi

Foto: Moviepedia

Walt Disney kompaniyasi o‘zining ko‘ngilochar bog‘lar va kurortlar biznesi rahbari Josh Damaroni yangi bosh direktor etib tayinladi. Kompaniyada 28 yillik tajribaga ega mutaxassis amaldagi rahbar Bob Aygerning o‘rnini egallaydi.

Disney so‘nggi yillarda eng barqaror daromad keltirgan bo‘lim ko‘ngilochar bog‘lar biznesi rahbarini tanlash orqali striming bozoridagi noaniqliklar davrida ishonchli yo‘lni tanladi. Ushbu qaror ko‘ngilochar industriya gigantidagi uzoq yillik vorislik masalasiga nuqta qo‘ydi. Bob Ayger kompaniyani qariyb yigirma yil davomida boshqargan va 2022-yilda direktorlar kengashi uning vorisini ishdan bo‘shatgach, lavozimga qaytgan edi.

Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda

Foto: BBC

Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha rejalarni e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. Bosh vazir Pedro Sanches Dubayda bo‘lib o‘tgan Jahon hukumatlari sammitida bu haqda ma’lum qilib, asosiy maqsad yoshlarni «giyohvandlik, zo‘ravonlik va manipulyatsiya» kabi xavflardan himoya qilish ekanini aytdi.

Hali parlament tasdig‘idan o‘tishi kerak bo‘lgan ushbu taqiq kompaniya rahbarlarini o‘z platformalaridagi noqonuniy yoki zararli kontent uchun javobgar qilishni ham ko‘zda tutadi. Sanchesning so‘zlariga ko‘ra, platformalar shunchaki «belgilash katakchalari» emas, balki samarali va haqiqiy yoshni tekshirish tizimlarini joriy etishi shart.

Malayziya kompaniyasi Toshkent viloyatida golf-kurort majmuasi qurmoqchi

Malayziya kompaniyasi Toshkent viloyatida golf-kurort majmuasi qurmoqchi
Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning «Spora Global Sdn Bhd» kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida zamonaviy golf-kurort majmuasini qurish loyihasini muhokama etdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Majmuada professional golf maydoni, golf klubi binosi, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, zamonaviy turarjoy binolari, restoran va sog‘lomlashtirish markazi, akvapark hamda qishki mavsum uchun chang‘i inshootlari bo‘lishi rejalashtirilgan. Loyiha hududdagi sport infratuzilmasini rivojlantirish va viloyatning turizm salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarishni maqsad qilgan.

Shuningdek