
Saudiya Arabistoni millionlab tuyalar uchun maxsus pasportlar berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda davlat telekanali «Al-Ixboriya» xabar berdi.
Mamlakat Atrof-muhit, suv resurslari va qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu tashabbus tuyachilik sohasida samaradorlikni oshirish, shuningdek, hayvonlar bo‘yicha yagona va ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirishga xizmat qilishini bildirdi.
Vazirlik tomonidan e’lon qilingan tasvirlarda davlat gerbi va oltin rangli tuya silueti tushirilgan yashil rangdagi pasport namoyish etilgan. «Al-Ixboriya» xabariga ko‘ra, ushbu hujjat tuyalarni sotish va xarid qilish jarayonlarini tartibga soladi, savdo va tashishni nazorat qiladi, mulk huquqini rasmiylashtirishni yengillashtiradi hamda egalarning huquqlarini himoya qiladi.
Unga ko‘ra, 2024-yil holatiga Saudiya Arabistonida qariyb 2,2 million tuya mavjud. Tuyalar asrlar davomida Arabiston yarimorolida asosiy transport vositasi bo‘lib kelgan, shu bilan birga, egasining ijtimoiy mavqeyini ko‘rsatuvchi ramz va daromadli naslchilik sanoatining muhim qismi hisoblanadi.
Mamlakatda har yili tuyalarning go‘zallik tanlovlari o‘tkaziladi. Ushbu musobaqalarda ishtirokchilar hayvonlarga yuz minglab dollar sarflashadi. So‘nggi yillarda tashkilotchilar tuyalarga kosmetik aralashuvlar, jumladan, lablarni osiltirish yoki o‘rkach shaklini sun’iy o‘zgartirish kabi usullarga qarshi qat’iy choralar ko‘rmoqda.
Tuyalar Arabiston yarimorolida ming yillar davomida muhim o‘rin tutib kelgan. 2021-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar Saudiya Arabistoni hududidagi tabiiy kattalikdagi tuya tasvirlari tushirilgan qoyatosh rasmlarining yoshi qariyb 7000 yilga borib taqalishini ko‘rsatgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saudiya kompaniyalari Turkiyada 2 milliard dollarlik elektr stansiyalari qurishi haqida yozgandi.