
Turkiya Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan $2 mlrd miqdoridagi quyosh energetikasi loyihasini imzoladi. Bu haqda Balkan green energy ma’lum qildi.
Kelishuv doirasida Saudiya kompaniyalari Turkiyada jami 5 GVt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etadi. Dastlab, Karaman viloyatining Taşeli hududi va Sivas viloyatida har biri 1 GVt quvvatga ega ikkita quyosh stansiyasi quriladi.
Karaman viloyatidagi stansiyadan elektr 25 yil davomida har kilovatt-soat uchun 1,995 yevro sent, ikkinchi stansiyadan esa 2,3415 yevro sent narxda sotib olinadi. Loyihalarda kamida 50 foiz mahalliylashtirish darajasi ta’minlanadi. Dastlabki ikki stansiya 2,1 mln xonadonning elektr ehtiyojini qondiradi.
Qurilish ishlari 2027-yilda boshlanadi. Loyiha 2028–2029-yillarda to‘liq yakunlanadi. Ma’lumot uchun, Turkiya 2035-yilgacha shamol va quyosh energetikasi quvvatini uch baravar oshirib, 120 GVtga yetkazishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishining boshlanishi 2026-yil martidan dekabr oyiga ko‘chirilgani haqida xabar bergan edik.