
Avtomobil bozori mutaxassisi Toyota RAV4’ning beshinchi avlodi (XA50)ni ikkilamchi bozordan xarid qilishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida ogohlantirdi. «Za rulom» kanali ma’lumotlariga ko‘ra, «abadiy krossover» sifatida tanilgan ushbu model tashqi tomondan ishonchli ko‘rinsa-da, ayrim texnik yechimlar yangi egasi uchun kutilmagan xarajatlarga olib kelishi mumkin.
Kuzov: qalinlik o‘lchagich har doim ham to‘g‘ri ko‘rsatmaydi
Toyota RAV4 kuzovi Galvanneal texnologiyasi asosida himoyalangan. Bu rux va temir qotishmasidan iborat maxsus qatlam bo‘lib, oddiy qalinlik o‘lchagichlar uni ko‘pincha ko‘rmaydi. Natijada avtomobil bo‘yalmagan bo‘lsa ham, asboblar noto‘g‘ri xulosa berishi mumkin.

Ekspertning ta’kidlashicha, RAV4’da kapot va old qanotlar alyuminiydan, tom qismi esa oddiy metalldan tayyorlangan. Ayniqsa, 2020-yilgi avtomobillarda relslar ostida va kuzov panellari tutashgan joylarda zanglash holatlari uchray boshlagan. Bundan tashqari, orqa g‘ildirak kamarlari ostidagi plastik qoplamalar ichida qum va kir yig‘ilib, vaqt o‘tishi bilan kuzovni yemirishi mumkin.
Variator K120: kam ko‘rinadigan, ammo xavfli jihat
Toyota RAV4’ning Direct Shift-CVT transmissiyasi mexanik birinchi uzatma bilan jihozlangan bo‘lib, joyidan tez harakatlanishni yaxshilaydi. Biroq mutaxassislar bu yerda muhim xavf borligini ta’kidlashmoqda. Agar variator kamarida uzilish yuz bersa, avtomobil mexanik uzatma hisobiga harakatda davom etishi mumkin.
Bunday holatda harakatni darhol to‘xtatish zarur. Chunki uzilgan kamar bo‘laklari uzatma qutisi ichida qolib, butun agregatni ishdan chiqarishi mumkin. Bu esa kichik ta’mirlash o‘rniga variatorni to‘liq almashtirishga olib keladi.
Dvigatel va to‘liq yurish tizimi
Beshinchi avlod RAV4 texnik jihatdan ancha murakkablashgan. Dynamic Force oilasiga mansub dvigatellar kombinatsiyalangan yoqilg‘i purkash tizimiga ega bo‘lib, jami sakkizta forsunkadan foydalanadi. Shu sababli ular yoqilg‘i sifatiga juda talabchan.

Amaliyotda eng ko‘p uchraydigan muammolar qatoriga elektr suv nasosining erta oqishi, to‘liq yurish tizimidagi to‘rtta muftaning tez ishdan chiqishi va tayanch podshipniklardan keladigan g‘ichirlash tovushlari kiradi. So‘nggi holat ko‘pincha eskirish emas, balki avtomobil yuqori bosimli suv bilan yuvilganda ichkariga qum kirib ketishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Xarid oldidan nimani tekshirish kerak
Ekspert Toyota RAV4 sotib olishdan oldin salon tom qoplamasini diqqat bilan ko‘zdan kechirishni tavsiya qiladi. Undagi dog‘ va izlar relslar mahkamlangan joylardan suv o‘tayotganidan dalolat berishi mumkin. Shuningdek, salon ichidagi kumushrang plastik elementlar holatiga ham e’tibor qaratish lozim, chunki ular ehtiyotkor ishlatilganda ham tez tirnaladi.
Test-drayv vaqtida rul reykasidan keladigan taqillash tovushlari aniqlansa, bu har doim ham jiddiy nosozlik degani emas. Ayrim hollarda sozlash gaykasini tortishning o‘zi muammoni bartaraf etishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangilangan Damas xarid qilishga arziydimi yoki yo‘qligi haqida yozgandi.
