Yangi BYD Song Ultra elektromobili namoyish etildi

4-fevral 2026 17:20 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
BYD Song Ultra elektromobili namoyish etildi
Kollaj: CarNewsChina

BYD kompaniyasi tomonidan BYD Song Ultra elektromobili Xitoyda rasmiy taqdimot oldidan ilk bor ko‘rsatildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Song Ultra EV BYD’ning Dynasty oilasidagi ilk B-klass to‘liq elektr krossoveri bo‘ladi. Ushbu liniyaga hozirda Han, Tang, Yuan va Xia modellari kiradi. Avval Xitoy bozorida sotilgan Song Plus modeli esa endi kompaniya model qatoridan chiqarilgan.

Tashqi ko‘rinish jihatdan Song Ultra EV Song L DM-i plagin gibridiga yaqin. Old chiroqlar, orqa bamper va fonarlar dizayni o‘xshash. Shu bilan birga, yangi model BYD’ning yangilangan Loong Face dizayn konsepsiyasiga ega sportcha old bamper bilan ajralib turadi. Krossover yashirin eshik tutqichlari va tom qismida o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan LiDAR sensori bilan ham taklif etiladi.

Foto: BYD

Avtomobil o‘lchamlari 4 850 mm uzunlik, 1 910 mm kenglik va 1 670 mm balandlikni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2 840 mm. Bu ko‘rsatkichlar uni Song L DM-i modelidan 70 mm va Song Pro DM-i’dan 115 mm uzunroq qiladi. O‘z og‘irligi esa versiyasiga qarab 1 990 kg dan 2 050 kg gacha yetadi.

BYD Song Ultra EV ikki xil quvvatga ega bo‘lgan versiyalarda chiqariladi. Boshlang‘ich model 239 kVt quvvatli elektr motor bilan jihozlanadi. Kuchliroq modifikatsiyada esa 270 kVt quvvatli motor o‘rnatiladi. Bu 362 ot kuchiga teng bo‘lib, maksimal tezlik 210 km soatni tashkil etadi.

Foto: BYD

Har ikkala versiya BYD’ning LFP Blade texnologiyasiga asoslangan batareyasi bilan jihozlanadi. Batareya sig‘imi hozircha rasman e’lon qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Song Plus elektromobili qanchalik foydali ekanligi haqida yozgan edi.

Shuningdek