
UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Cobalt avtomobilini taqdim etdi. Model bir qator o‘zgarishlarni olgani aytilmoqda. Ushbu maqolada modeldagi jiddiy o‘zgarishlar va yangi imkoniyatlar haqida so‘z boradi.
Mundarija:
- Birinchi o‘zgarish: Tracker’ga o‘xshaydigan salon
- Ikkinchi o‘zgarish: rul boshqarishga qulay
- Uchinchi o‘zgarish: multimedia tizimi
- To‘rtinchi o‘zgarish: salon ranglari
- Beshinchi o‘zgarish: dvigatelda yangi texnologiya
- Oltinchi o‘zgarish: Harakatda seziladigan farq
Birinchi o‘zgarish: Tracker’ga o‘xshaydigan salon

Yangilangan Chevrolet Cobalt’da eng katta o‘zgarishlar salon bilan bog‘liq. Tashqi dizayn deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa-da, ichki makonda haydovchi va yo‘lovchilar darhol sezadigan yangiliklar paydo bo‘lgan.
Kontakt kaliti avvalgi dizaynda qolgan bo‘lsa-da, kalit burilishi bilan yangi dizayndagi priborlar paneli ishga tushadi. U Chevrolet’ning boshqa modellari, jumladan, avvalgi avlod Tracker’lar dizayniga yaqin. Bu yangilanish interyerga zamonaviyroq ko‘rinish bergan.
Ikkinchi o‘zgarish: rul boshqarishga qulay

Rul dizayni o‘zgarmagan, ammo funksional jihatdan sezilarli yangilangan. Eng muhim yangilik bu rul spisalarida tugmalar paydo bo‘lgani. Endi haydovchi ruldan qo‘l uzmasdan multimedia tizimini boshqarishi, ovoz balandligini o‘zgartirishi va qo‘ng‘iroqlarga javob berishi mumkin.
Chap tomonda esa kruiz-nazorat boshqaruvi joylashtirilgan. Avval Cobalt egalari bu funksiyani o‘zlari qo‘shimcha tarzda o‘rnatishga majbur edi. Endi esa kruiz-nazorat zavoddan to‘liq va estetik tarzda taqdim etilmoqda. Bu uzoq masofalarda avtomobil haydashni ancha qulay qiladi.
Uchinchi o‘zgarish: multimedia tizimi

Cobalt egalari uzoq yillar kutgan eng muhim yangilik bu to‘liq zavod multimedia tizimi bo‘ldi. Ilgari CD va radio bilan cheklangan tizim o‘rniga endi MyLink multimediyasi barcha komplektatsiyalarda o‘rnatilmoqda.
Tizim Apple CarPlay va Android Auto‘ni qo‘llab-quvvatlaydi. Ulanish USB kabel orqali amalga oshiriladi. Haydovchi navigatsiya, musiqa, qo‘ng‘iroqlar va messenjer bildirishnomalaridan foydalanishi mumkin. Oddiy foydalanuvchi uchun bu funksiyalar yetarli bo‘lsa, taksichilar ehtiyojiga ko‘ra tizimni keyinchalik kengaytirishi mumkin.
To‘rtinchi o‘zgarish: salon ranglari

Yangilangan Cobalt’da salon ranglari ham e’tibordan chetda qolmagan. Midnight komplektatsiyasida salon to‘liq qora rangda taqdim etiladi. Bu variant hozircha faqat O‘zbekiston bozori uchun mo‘ljallangan. Standart komplektatsiyalarda esa avvalgi och rangli salon saqlanib qolgan.
O‘rindiqlar mato emas, zavoddan ekokun bilan qoplangan. Bu chiroyliroq ko‘rinsa-da, vaqt o‘tib materialning chidamliligi qanday bo‘lishi hali noma’lum. Qiziqarli jihati shundaki, yangilangan versiyada nihoyat old o‘rindiqlar uchun isitish funksiyasi qaytdi. Tugmalar USB port yonidagi maxsus blokda joylashgan. Isitish darajasi sozlanmaydi, ammo ishlashi samarali.
Beshinchi o‘zgarish: dvigatelda yangi texnologiya
Kapot ostida asosiy yangilik dvigatel bilan bog‘liq. Cobalt’ga yaxshi tanish bo‘lgan 1,5 litrli B15D dvigatel saqlanib qolgan. Eng muhim o‘zgarish gaz taqsimlash fazalarini boshqaruvchi DVCP tizimi joriy etilgan.
Bu tizim dvigatelning gaz pedaliga javobini yaxshilaydi, tejamkorlikni oshiradi va momentni kengroq aylanish diapazonida taqdim etadi. Natijada avtomobil ayniqsa 60 km/soatdan keyin yanada ishonchli tezlashadi.
Ammo bu tizim moy sifatiga juda talabchan. Ishlab chiqaruvchi endi 0W-20 yopishqoqlikdagi moyni tavsiya qilmoqda. Moyni vaqtida almashtirmaslik dvigatelda shovqin, notekis ishlash va qimmat ta’mirga olib kelishi mumkin.
Oltinchi o‘zgarish: Harakatda seziladigan farq

Yangilangan Cobalt harakatda sokinroq va silliqroq ishlaydi. Ayniqsa, avtomat uzatmalar qutisida uzatishlar yumshoqroq amalga oshadi. Ilgari sezilgan ikkinchi va uchinchi uzatma orasidagi keskinlik deyarli yo‘qolgan.
Dvigatel kuch jihatdan sezilarli oshmagan, ammo umumiy xulq-atvori muvozanatliroq bo‘lgan. Bu shahar sharoitida tinch va qulay haydashni yoqtiradiganlar uchun muhim afzallik hisoblanadi.
Kursiv Uzbekistan nashri yangi Cobalt bilan test-drayv qilingani haqida yozgan edi.
