Avto

Yangilangan Xiaomi SU7 elektromobili qachon taqdim etiladi

Xiaomi SU7 allaqachon Xitoy bozorida oldindan buyurtmaga chiqarilgan
Yangilangan Xiaomi SU7 qachon taqdim etiladi
Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi Xiaomi SU7 elektromobilining yangilangan versiyasini 19-mart kuni rasman taqdim etishi kutilmoqda. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Yangilangan Xiaomi SU7 allaqachon Xitoy bozorida oldindan buyurtmaga chiqarilgan. Model narxlari 229,9 ming yuandan 309,9 ming yuangacha baholanmoqda ($32,8 ming – $44,3 ming). Bu amaldagi versiyaga nisbatan 10 mingdan 14 ming yuangacha qimmatroq ($1,4 ming – $2 ming). Shu bilan birga, rasmiy taqdimot vaqtida narxlar biroz pasayishi mumkinligi aytilmoqda.

Foto: Xiaomi

Xiaomi bosh direktori Ley Jun 13-fevralga qadar yangi SU7 namunaviy avtomobillari dilerlik markazlariga yetib borishini ma’lum qilgan. Bu xaridorlarga avtomobilni oldindan ko‘rish imkonini beradi.

Yangilangan SU7 dizayn jihatdan avvalgi modelga juda o‘xshash. Old bamper panjarasi takomillashtirilgan va Capri Blue deb nomlangan yangi rang qo‘shilgan. Avtomobil o‘lchamlari o‘zgarmagan. Uzunligi 4 997 mm, eni 1 963 mm, balandligi 1 445 mm. G‘ildirak bazasi 3 000 mm.

Salon ham qisman yangilangan. Rul boshqaruvi dizayni o‘zgartirilgan. Old panel va eshik qoplamalarida yumshoq materiallar ko‘paytirilgan.

Foto: Xiaomi

Texnik jihatdan muhim yangiliklardan biri LiDAR tizimining barcha komplektatsiyalarda standart holga kelgani. Avval ayrim versiyalarda bu texnologiya yo‘q edi. Barcha SU7 modellari endi 700 TOPS hisoblash quvvatiga ega yordamchi haydash chipi bilan ta’minlanadi. Avval maksimal ko‘rsatkich 508 TOPS edi.

Xavfsizlik darajasi ham oshirilgan. Yostiqchalar soni yettitadan to‘qqiztaga yetkazilgan. Kuzovda ishlatilgan po‘lat va alyuminiy aralashmasining mustahkamligi 2 200 MPa ga oshirilgan.

Barcha yangi SU7 modellari V6s Plus elektr dvigateli bilan jihozlanadi. Standart va Pro versiyalarida quvvat 320 ot kuchiga yetgan. Max versiyada umumiy quvvat 690 ot kuchini tashkil etadi.

Foto: Xiaomi

Zaryadlash tizimi ham yangilangan. Standart va Pro modellari 752 voltli platformaga o‘tgan. Max versiyada esa kuchlanish 897 voltga yetgan. Bu 15 daqiqada 670 km masofaga yetarli zaxirani to‘ldirish imkonini beradi.

Yurish masofasi ham oshgan. Standart versiyada 720 km, Pro modelda 902 km, Max versiyada esa 835 km masofa taklif etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi SU7 elektromobilining energiya iste’moli haqida yozgan edi.