Avto

1992-yilgi Tracker 11 ming dollarga baholandi

Kapoti ostida 1,6 litrli to‘rt silindrli benzin dvigatel joylashgan
1992-yilgi Tracker 11 ming dollarga baholandi
Foto: GM Authority

AQShning Minnesota shtatida 1992-yilda ishlab chiqarilgan Geo Tracker sotuvga qo‘yildi. 4×4 to‘liq yuritmali ushbu mini SUV uchun sotuvchi $10,9 ming narx belgilagan. Bu haqda GM Authority xabar bermoqda.

Mazkur avtomobil General Motors va Suzuki hamkorligida tashkil etilgan CAMI Automotive loyihasi mahsulidir. Tracker o‘z davrida kichik o‘lchamiga qaramay, ramali konstruksiya va haqiqiy yo‘ltanlamas imkoniyatlari bilan ajralib turgan.

Foto: GM Authority

Sotuvga qo‘yilgan nusxa birinchi avlodga mansub bo‘lib, atigi 51 ming mil masofani bosib o‘tgan. Avtomobil uch nafar egaga tegishli bo‘lgan, yo‘l-transport hodisalarida qatnashmagan va toza hujjatlarga ega. Carfax hisoboti ham mavjud.

Tashqi ko‘rinishda original Medium Quasar Blue Metallic rang saqlanib qolgan. Olib tashlanadigan qattiq tom, 15 dyumli g‘ildiraklar, orqa oynatozalagich va isitish tizimi avtomobilning funksional dizaynini ko‘rsatadi. Salonida ko‘k rangli mato qoplamali o‘rindiqlar, mexanik oynalar va oddiy audio tizim mavjud. Konditsioner esa o‘sha davr uchun nisbatan qulay opsiya hisoblanadi.

Foto: GM Authority

Kapoti ostida 1,6 litrli to‘rt silindrli benzin dvigatel joylashgan. U 80 ot kuchi va 94 funt fut aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi. Avtomobil past va yuqori diapazonli to‘liq yuritma tizimiga ega bo‘lib, bu uni zamonaviy krossoverlardan tubdan farqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobilidagi muammoga yechim topilgani haqida yozgan edi.