
Amazon o‘zining sun’iy intellekt bilan quvvatlangan Alexa+ yordamchisini AQShdagi barcha foydalanuvchilar uchun ishga tushirdi. Bu haqda Tech Crunch ma’lum qildi.
Endi Prime a’zolari Alexa+ dan barcha qurilmalarda bepul foydalanishi mumkin. Har bir foydalanuvchi Alexa veb-sayti yoki mobil ilovasi orqali cheklangan imkoniyatlar bilan Alexa+ dan foydalanishi mumkin.
Alexa+ Amazonning o‘z modeli va boshqa kompaniyalar sun’iy intellekt modellaridan foydalangan holda ishlaydi. Yordamchi tabiiy til muloqotini olib boradi, savol-javob hamda suhbatni davom ettiradi, aqlli uy vazifalari, yangiliklar va ob-havo ma’lumotlarini taqdim etadi.
Yangilangan yordamchi boshqa SI chat-botlar bajaradigan vazifalarni ham bajaradi: sayohat rejasini tuzish, taqvimni yangilash, retseptlarni saqlash, kinolar bo‘yicha tavsiyalar berish, uy vazifasida yordam berish va mavzuni o‘rganish. Ticketmaster, Uber, Expedia va boshqa xizmatlar bilan integratsiya orqali Alexa+ murakkab vazifalarni ham bajaradi, masalan, kechki ovqat uchun bron qilish yoki Uber chaqirish.
Beta-test davomida foydalanuvchilar eski Alexa versiyasiga qaytish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Test natijalariga ko‘ra, foydalanuvchilar Alexa+ bilan 2–3 baravar ko‘proq suhbatlashgan, musiqani tinglash 25% ga oshgan, retseptlar bilan ishlash esa 5 barobar o‘sgan.
Alexa+ Echo mahsulotlari, Fire TV, Alexa.com, Alexa mobil ilovasi hamda Samsung va Bose qurilmalarida mavjud. Prime a’zosi bo‘lmagan foydalanuvchilar oyiga $19,99 to‘lashlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Meet va Microsoft Teams o‘rtasida integratsiya ishga tushirilgan edi.