AQSh va Eron Ummon poytaxtida muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi

AQSh va Eron juma kuni Ummon poytaxti Maskatda muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Muzokaralarda Eronning yadroviy dasturi va AQSh talab qilgan boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi. Eron muzokaralarni faqat yadroviy dastur bilan cheklashni xohlasa, AQSh raketa dasturi va mintaqaviy qurollangan guruhlar masalalarini ham muhokama qilishni talab etmoqda.
Dastlab muzokaralar Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, keyinroq tomonlar Maskatga ko‘chirishga kelishib oldi. Muzokaralarda AQShning maxsus vakillari va Eron tashqi ishlar vaziri ishtirok etadi.
So‘nggi haftalarda AQSh va Eron o‘rtasidagi harbiy insidentlar taranglikni kuchaytirib yubordi: Arab dengizida Eron droni aviakreyserga yaqinlashgani sababli yo‘q qilingan edi, Hormuz bo‘g‘ozida esa Eron Inqilobiy Gvardiyasi AQShga tegishli tankerga tahdid qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Venesuelaga neft savdosidan 500 million dollar qaytarib bergani haqida xabar bergan edik.