
Xitoyning Avatr brendi Huawei’ning yangi avlod lidar tizimi bilan jihozlangan ilk universal Avatr 06T modelining rasmiy tasvirlarini e’lon qildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Yangi model mavjud Avatr 06 sedan bazasida yaratilgan va ilg‘or haydovchiga yordam beruvchi tizimlar bilan jihozlanadi.

Avatr 06T tashqi dizayn jihatidan sedan versiyasi bilan deyarli bir xil old qismga ega. Orqa qismda esa butun kenglik bo‘ylab cho‘zilgan yagona fonarlar, tom qismida spoyler va old tomda tomga o‘rnatilgan lidar ko‘zga tashlanadi. Raqamli tashqi oynalar saqlab qolingan. Shu bilan birga, eshik tutqichlari yangilanib, endi yarim yashirin shaklda bajarilgan.
Model Huawei’ning yangi avlod lidar texnologiyasi asosida ishlovchi ilg‘or haydovchiga yordam tizimlariga ega bo‘ladi. Shuningdek, Avatr 06T’da Qiankun ADS va HarmonyOS 5.0 multimedia va boshqaruv tizimi qo‘llanilishi kutilmoqda.

Texnik jihatdan Avatr 06T BEV va EREV versiyalarida taqdim etilishi mumkin. Batareya hajmi, quvvat va yurish masofasi bo‘yicha aniq ma’lumotlar hali ochiqlanmagan. Biroq asos sifatida olingan Avatr 06 modeli 209,9 mingdan ($30 ming) 279,9 ming yuan ($40 ming) oralig‘ida taklif etilmoqda.
Avatr 06T bozorga chiqqach, Zeekr 001, Denza Z9 GT, Stelato S9T va Nio ET5T kabi modellar bilan raqobatlashishi kutilmoqda. Universal kuzovdagi yangi model brendning elektromobillar qatorini kengaytirishi va yuqori texnologiyalarga bo‘lgan e’tiborni yana bir bor namoyon etishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Avatr 12 Four-LiDAR Edition avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.