Chevrolet Captiva elektromobili peshqadamga aylandi

5-fevral 2026 09:18 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Captiva elektromobili peshqadamga aylandi
Foto: Chevrolet

Chevrolet Captiva elektromobili Braziliyada sotuvlar bo‘yicha peshqadamga aylandi. Bu haqda GM Authority xabar bermoqda.

GM bayonotiga ko‘ra, elektromobil sotuvlar boshlanganidan atigi ikki oy o‘tib Braziliya ichki bozorida barcha raqobatchilarini ortda qoldirgan. Mamlakatda nol chiqindili avtomobillarga talab izchil oshib borayotgani fonida Captiva EV ushbu toifada yetakchi o‘rinni egallagan.

Foto: Chevrolet

GM’ning Janubiy Amerika bo‘yicha mahsulot marketingi direktori Paula Saianining aytishicha, braziliyalik xaridorlar yangi harakatlantirish texnologiyalariga katta qiziqish bildirmoqda. Uning ta’kidlashicha, Chevrolet Captiva EV ilg‘or elektrifikatsiya texnologiyalarini amaliy va raqobatbardosh yechim bilan birlashtirgan. Model hatto an’anaviy ichki yonuv dvigatelli va gibrid avtomobillar bilan ham bemalol raqobat qila oladi.

General Motors Braziliyadagi bo‘linmasi hozircha aniq savdo hajmi yoki bozor ulushi bo‘yicha raqamlarni e’lon qilmagan. Kompaniya faqat Captiva EV o‘z segmentida savdo yetakchisiga aylanganini bildirgan. Shunga qaramay, ushbu natija GM’ning Braziliya bozorida elektromobillar savdosi bo‘yicha eng yirik an’anaviy ishlab chiqaruvchi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlagani qayd etilmoqda.

Foto: Chevrolet

Savdoni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kompaniya Braziliyada mashhur bloger va inflyuenserlar ishtirokida test-drayv tadbirlarini o‘tkazishni boshladi. Shu bilan birga, Captiva EV uchun kengaytirilgan marketing kampaniyasi yo‘lga qo‘yildi. Unda ushbu model yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi tomonidan taklif etilgan birinchi hamyonbop, nol chiqindili kompakt krossover ekani alohida ta’kidlanmoqda.

Foto: Chevrolet

Chevrolet Captiva EV’ning dastlabki oylaridagi muvaffaqiyati kompaniyaning Braziliyadagi elektrifikatsiya strategiyasini tasdiqlab bermoqda. GM joriy yil davomida mamlakatda yangi energiya manbalariga ega avtomobillar qatorini kengaytirishni rejalashtirgan. Captiva EV esa Braziliyadagi Comexport PACE zavodida yig‘ilishga tayyorlanar ekan, o‘z sinfida yetakchi maqomini saqlab qolishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Captiva 2026 Ekvadorda sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek