Foto va video orqali aniqlanadigan huquqbuzarliklar ro‘yxati aniq bo‘ldi

O‘zbekistonda endi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan ma’muriy huquqbuzarliklarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlandi. Bu bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik, transportni boshqarish vaqtida telefondan foydalanish, belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish hamda to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish va boshqalar ana shu ro‘yxatdaga kiritilgan.
Shuningdek, mazkur huquqbuzarliklar uchun jazo qo‘llash muddatlari aniq belgilandi. Yo‘l qoidalari buzilgani foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilganda ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran 1 oydan kechiktirmay qo‘llanadi.
Ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda esa huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran 1 yildan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» yo‘lda telefondan foydalangan avtomobil boshqaruvchilarga endi ma’muriy ogohlantirish qo‘llanilishi haqida yozgandi.